Iste’dod va ijod uyg‘unligi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida iste’dodli rassom Rustam Tavmuratovning “Grafika” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Mazkur ko‘rgazma muallifning ilk shaxsiy ijodiy namoyishi bo‘lib, unda rassomning ko‘p yillik hayot tajribasi, ijodiy izlanishlari va tasviriy san’atga bo‘lgan yuksak mehri o‘z ifodasini topgan. Tadbirda so‘zga chiqqan san’atshunoslar va ijod ahli rassomning bosib o‘tgan ijod yo‘li, yaratgan asarlarining badiiy qiymati haqida fikr bildirib, kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
[gallery-29880]
Ko‘rgazmada Rustam Tavmuratovning so‘nggi yillarda yaratgan 60 dan ortiq grafika janridagi asarlari namoyish etilmoqda. Asarlarda muallifning hayotga, inson taqdiri va atrof-muhitga bo‘lgan o‘ziga xos qarashlari badiiy talqin etilgan.
Ayniqsa, inson qiyofasi va ruhiy kechinmalari aks etgan portretlar tomoshabinlar e’tiborini tortmoqda. Rassom qahramonlarning fe’l-atvori, ichki dunyosi va hayotiy tajribalarini yuksak mahorat bilan tasvirlashga erishgan.
Shu bilan birga, ko‘rgazmada milliy qadriyatlar, zamon ruhi va tabiat go‘zalligini aks ettiruvchi asarlar ham keng o‘rin olgan. Mazkur ijodiy namoyish san’at ixlosmandlari, ayniqsa yosh avlodda katta qiziqish uyg‘otib, unutilmas taassurotlar qoldirmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA