Isteʼmolchilar huquqlari himoyada
Yil boshidan buyon boshqarmaga savdo, xizmat koʻrsatish, kommunal, transport va reklama sohalariga oid 257 ta murojaat kelib tushdi.
Maʼlumki, har bir shaxs isteʼmolchi. Bozor munosabatlari tobora chuqurlashib borayotgan bugungi hayotimizda tabiiy ravishda bozor va isteʼmolchi oʻrtasidagi munosabatlar ham koʻpayib bormoqda. Bu oʻz navbatida mazkur sohada yuzaga keladigan masalalarni samarali hal etishda davr talabiga mos mexanizmlarni ishlab chiqishni taqozo etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-sentyabrda qabul qilingan “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida viloyatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining hududiy boshqarmalari tashkil etildi.
Navoiyda boshqarma tomonidan bir yil mobaynida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasida qanday ishlar amalga oshirildi? Shu kabi qator savollarga aniqlik kiritish maqsadida hududiy boshqarma tomonidan jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi tashabbusi bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida boshqarma boshligʻi V. Adizov jurnalistlarga tashkilot faoliyati yuzasidan maʼlumotlarni taqdim qildi.


Yil boshidan buyon boshqarmaga savdo, xizmat koʻrsatish, kommunal, transport va reklama sohalariga oid 257 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 235 tasi ijobiy hal etildi, 22 tasiga tegishli tartibda tushuntirish berilgan. Isteʼmolchilar foydasiga jami 315,1 million soʻm miqdordagi mablagʻlar qayta hisob-kitob qilib berildi. Kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismi sifatsiz mahsulot va kommunal sohadagi kamchiliklar bilan bogʻliq. Bundan tashqari, boshqarma tomonidan viloyat hududidagi tashqi reklama vositalarining qonunchilikka nechogʻli mosligi ham oʻrganildi. Natijada joylarda noqonuniy oʻrnatilgan 146 ta tashqi reklama vositasi olib tashlandi hamda 258 ta reklama pannolari qonunchilikka muvofiqlashtirildi. Shu kabi jarayonlar davom etmoqda.
Anjuman yakunida boshqarma va OAV xodimlari hamkorligini kuchaytirishga kelishib olindi.