Issiqko‘lda yuzlab xonadonni suv bosdi
Issiqko‘l janubi va shimolida kuchli sel kuzatildi. Hududdagi yuzlab xonadonlarni suv bosgan. Kuchli yomg‘ir tufayli Cho‘n-Qizil suv daryosi o‘zanidan chiqib ketgan. Bundan tashqari, Saruu qishlog‘ida daryo katta yo‘lni qoplab, avtomobillar harakatini qiyinlashtirgan.
24.kg yozishicha, shimoliy qirg‘oqda kechasi sel oqimi Bulan-Sog‘otu, Korumdu, Temirovka qishloqlari va “Issiqko‘l Avrora” pansionati hududiga bostirib kirgan – mahalliy aholining yuzlab hovlilari suv ostida qolgan.
Joylarda hodisa oqibatini bartaraf etishga 300 dan ortiq kishi jalb etilgan.
Shu yil 14 iyul kuni O‘sh viloyati va shahrida sel kelib, jiddiy vayronagarchilikka sabab bo‘lgan, jumladan avtomobillar oqib, yo‘llar suvga g‘arq bo‘lgan edi. 28 iyun kuni esa Novqat tumanida halokatli sel sodir bo‘lib, aholi va sayyohlar orasida qurbonlar kuzatilgan.