Isroil va HAMAS sulhiga qanday erishildi? (+video)
Isroil hukumati va HAMAS vakillari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni ozod etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralar 14 yanvar kuni Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tdi. 13 yanvarga o‘tar kechasi vositachilar – AQSH, Qatar va Misr orqali bir yildan ortiq davom etgan muzokaralarda nihoyat natijaga erishildi va mintaqada tinchlik o‘rnatildi.
Bu sulh qanchalik mustahkam va qachongacha amal qiladi va hududda tinchlikni ta’minlash, asirlarni almashish, o‘t ochishni to‘xtatishda tomonlar qanday harakat qiladi?
Shu va mintaqadagi vaziyat xususida sharqshunos olim, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Shavkat Ikromov bilan suhbatlashdik.
- Nima uchun Isroil hukumati va HAMAS vakillari aynan hozirgi vaziyatda sulhga erishdi?
- Vaziyat taqozosi aynan hozirgi kunlarga to‘g‘ri kelgan deb aytishimiz mumkin. Bu Isroilni G‘azo mintaqasiga bostirib kirishi va HAMAS tashkiloti bilan bir yildan ortiq vaqt davomida harbiy harakatlarni olib borishi va bu mintaqada ko‘plab urush jinoyatlarini sodir qilishining asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi va homiysi sifatida AQSH e’tirof etib kelindi. To‘g‘ri, orada Qo‘shma Shtatlar Isroil urush hukumati rahbari Binyamin Netanyaxuni ma’lum bir muddat o‘z tizginidan ham chiqarib yubordi. U bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bir necha marta samarasiz yakunlandi. Lekin nima bo‘lgandayam qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlash va xalqaro maydonda Isroilning pozitsiyasida qo‘shma shtatlardagi Bayden hukumati hozirga qadar ta’sirini o‘tkazib keldi.
Ya’ni, Isroilni doimiy ravishda qo‘llab keldi. Ularning siyosiy ritorikasida: “Biz Isroilni bundan qaytarmoqchimiz”, “Isroilni tiyib turish uchun harakat qilyapmiz va tinch aholining o‘limiga qarshimiz” deb qaysidir ma’noda hamdardlik bildirgani bilan, lekin Bayden hukumati Isroilni qo‘llab-quvvatlab keldi.
Saylov natijasiga ko‘ra Bayden hukumati ortiq o‘z faoliyatini davom ettira olmaydi. Qo‘shma Shtatlarda yangi hukumat respublikachilar hokimiyat tepasiga kelyapti Tramp rahbarligida va ularning Yaqin Sharq bo‘yicha pozitsiyalari demokratlarnikidan ko‘ra ancha farqlanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HruHIUUvl4Y" title="Isroil va HAMAS sulhiga qanday erishildi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov, O‘zA