Isroil Erondagi harbiy ob’ektlarga zarba berdi
Eron davlat televideniyesi Tehron aeroportlari, jumladan Imom Humayniy xalqaro aeroporti poytaxt atrofida bir necha portlash sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandan so‘ng ham odatiy tartibda ishlayotganini e’lon qildi.
Suriya davlat matbuoti xabar berishicha, havo hujumi mamlakat markazi va janubidagi ba’zi harbiy ob’ektlarni ham nishonga olgan.
“Arab News” talqiniga qaraganda, Isroil bugun, 26 oktyabr kuni ertalab Eronga yo‘llangan zarba oy boshida Tehron tomonidan uyushtirilgan raketa hujumi uchun o‘ch ekanini aytgan.
– SAXAL Erondagi harbiy manzillarga maqsadli zarba bermoqda, – deb yozgan Isroil harbiylari ijtimoiy tarmoqda.
Tehron havo hujumidan mudofaa tizimi shaharning sharqiy qismi uzra uchgan snaryadlarni urib tushirdi. Natijada rasmiylar mamlakat havo hududini yopishga majbur bo‘ldi.
Oradan bir necha soat o‘tib, Isroil tomoni qarshi harbiy amaliyot to‘xtatgani va samolyotlar dastlabki manzilga muvaffaqiyatli qaytganini ma’lum qildi.
Bugungi hodisa Eron 1 oktyabr kuni Isroilga zarba bergandan keyin, bir necha hafta davomida kutilayotgan edi. AQSH rasmiylari Isroilning harakatidan barvaqt xabardor qilingani ham ta’kidlangan.
Eronliklar Ilom, Huziston va Tehron viloyatlaridagi harbiy nishonlarga zarba berilganini tasdiqladi.
– Eron rejimi va mintaqadagi boshqa tarafdor kuchlar 7 oktyabrdan beri Islom Respublikasi hududidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum uyushtirish barobarida, yetti jabhada Isroilga qarata tinimsiz zarba yo‘llamoqda, – deyilgan Isroil Mudofaa kuchlari bosh matbuot kotibi kontr-admiral Daniel Xagari bayonotida. – Dunyodagi har bir suveren davlat singari Isroil ham javob berishga haqli va majbur. Mudofaa va hujumdagi imkoniyatimiz to‘liq safarbar qilingan. Isroil davlati va xalqini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hamma ishni qilamiz.
Poytaxtda ketma-ket portlash ovozi eshitildi va davlat matbuoti dastlab Tehron yaqinida kamida oltita shunday holat kuzatilganini tan oldi. Ba’zan tovush butun shahar bo‘ylab joylashgan havo mudofaasi tizimi nuqtalaridan kelgani aytildi.
Tehronlik bir kishi “Associated Press” agentligiga bildirishicha, hudud kamida yetti marta silkingan.
– Imom Humayniy xalqaro aeroporti va Mehrobod aeroporti faoliyati joyida, belgilangan tartibda davom etyapti, – dedi boshlovchi ushbu havo qo‘nalg‘alari rahbarlariga tayanib.
– Isroil zarbalari Eron yadro inshooti yoki neft koniga hujumni ko‘zda tutmagan va asosiy e’tibor harbiy nishonlarga qaratilgan, – deya xabar berdi “NBC News” va “ABC News” Isroil rasmiysiga tayanib.
Vashingtondagi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili Shon Sevett “harbiy ob’ektlar nishonga olingan zarbalar o‘zini himoya qilish chorasi va Eronning 1 oktyabrdagi ballistik raketa hujumiga javob” ekanini aytdi.
“Oldindan xabardor qilingan AQSHning ushbu voqeaga aloqasi yo‘q”, dedi AFPga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan AQSH Mudofaa vazirligi rasmiysi. U Qo‘shma Shtatlar qachon ogohlantirilgani va umuman qanday ma’lumot berilgani haqida hech nima demadi.
M.Pirmatova, O‘zA