Ispaniyaning sobiq qiroli korrupsiyada ayblanib mamlakatdan qochib ketdi
Korrupsiya barcha davlatlarda, jumladan, Ispaniyada ham eng ogʻriqli masala. ElMundo gazetasining yozishicha, kuni kecha Ispaniyaning sobiq qiroli Xuan Karlos I korrupsiyada ayblanib mamlakatdan qochib ketgan.
Xabarda aytilishicha, monarx hozir Dominikan Respublikasida. Lekin u yaqin kunlarda Yangi Zelandiyaga ketishi mumkin. Chunki bir necha yil avval sobiq qirol Yangi Zelandiyaga migratsiya qilish istagini bildirgandi.
Ispaniya prokuraturasi Xuan Karlos I ga qarashli xorijiy bank hisoblari bilan bogʻliq tekshiruvlarni amalga oshirmoqda. Xabarda taʼkidlanishicha, bank hisoblari boshqa odam nomiga rasmiylashtirilgan.
Ispaniya konstitutsiyasiga binoan qirol daxlsizlik maqomiga ega, shu bois uni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emas. Biroq Xuan Karlosni taxtdan ketgandan keyingi harakatlari uchun sud qilish mumkin.
Masalan, 2020-yil bahorda Shveysariya prokuraturasi qirol ayol doʻsti Korinne Sayn-Vitgenshteynga bergan 65 million yevro boʻyicha surishtiruvlarni boshlab yubordi. Bundan tashqari, Ispaniya prokuraturasi Saudiya Arabistonida temir yoʻl qurilishida oʻgʻirlangan mablagʻ boʻyicha ish ochgan. Oʻshanda Xuan Karlosga qarashli deb gumon qilinayotgan ofshor hisobiga 100 million dollar kelib tushgan.
2020-yil bahorda Xuana Karlosning oʻgʻli, hozirgi Ispaniya qiroli Filipp VI otasining merosidan voz kechgandi. Bu ham korrupsiya mojarosi bilan bogʻliq. Filipp VI otasini doimiy yordam pulidan ham mahrum qildi.
Xuan Karloc I Ispaniyaga 39 yil qirollik qilgan. 2014-yilda monarx sogʻligʻi yomonlashgani tufayli taxtni tark etishga majbur boʻlgandi.