Ispaniya armiyasida yetishmovchilik kuzatilyapti
Ispaniya Qurolli kuchlari mutaxassis kadrlar tanqisligini boshdan kechirmoqda, juda ko‘p faol harbiy xizmatchilar ishini tark etib, xususiy kompaniyalarga o‘tib ketishyapti, deb yozgan “Mundo” gazetasi.
– Mansab yoqmasligi, aholi keksayib borayotgani tufayli Ispaniya armiyasida kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelmoqda. Xodimlar taqchilligi bois Qurolli kuchlar oldida ikki yoqlama muammo paydo bo‘lgan: ayni mavqeni yoshlar uchun jozibador qilish va tayyorlangan iqtidorli harbiy kadrlarni ushlab qolish, – deyilgan gazeta xabarida. – Bu muammo an’anaviy tarzda havo va fazo kuchlarini qamrab olgan. Masalan, uchuvchilar fransuz samolyotlari ishlab chiqaruvchi “Airbus” kabi kompaniyalarga jo‘nab ketmoqda. Zero, bunday yirik xususiy korxonalarda ularning mahorati munosib baholanadi.
Muxbir Amerikaning “Amazon” kompaniyasiga o‘tgan harbiylardan intervyu olishga muvaffaq bo‘ldi.
– To‘rt yil oldin Amazon harbiy xizmatchilar yollay boshlagani ortidan xodimlarimiz yoppasiga ushbu kompaniyani tanlashiga olib keldi, – deydi fregat kapitani Gonzalo. – Men AQSHda o‘qiganim uchun birinchilardan bo‘lib ketdim. Ispaniyada Bosh shtab kursini tugatganimdan keyin o‘sish istiqboli uncha aniq emasligini angladim.
Gazeta armiya holatini tahlil qilib, harbiy hayotni nazorat qiluvchi tashkilot raisi Mariano Kasadoning fikrini ham keltirgan:
– Harbiy kadr yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammoni hal qilish uchun nafaqat maoshni ko‘tarish, balki armiya obro‘sini ham oshirish va xizmatning turli bosqichlarida askarlar qanday martabaga erishishi mumkinligi haqida o‘ylash kerak.
S.Rahimov, O‘zA