Islom birdamlik o‘yinlari muhokama qilindi
Mamlakatimiz sportchilari uchun yilning eng muhim sport musobaqasi 10-25 sentyabr kunlari Xitoyda o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlari edi.
Ammo, ushbu to‘rt yillik “kichik olimpiada”ning kechiktirilishi avgust oyida Turkiyada bo‘ladigan V Islom birdamligi o‘yinlarini asosiy sport tadbiri maqomiga olib chiqdi.
28 may kuni Milliy Olimpiya qo‘mitasida ushbu o‘yinlar tayyorgarligiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari mas’ullari ishtirok etdi.
– Yil boshidagi rejaga muvofiq Konyadagi musobaqada terma jamoalarning zaxira tarkibi qatnashishi kerak edi. "Xanchjou-2022" o‘yinlari bekor bo‘lgach, Islom birdamlik o‘yinlari "Parij-2024" o‘yinlariga hozirlikning muhim musobaqasi darajasiga ko‘tarildi. Bu esa unda barcha sport yo‘nalishlardagi asosiy tarkib qatnashishiga turtki berdi. Konya o‘yinlarida qit’amizning Eron, Qozog‘iston, Indoneziya kabi yetakchi sport jamoalari qatori Ozarbayjon, Misr, Turkiya kabi boshqa qit’aning kuchli jamoalari ham bo‘lishi, ishtirokchi mamlakatlar geografiyasining kengligi o‘yinlarda bellashuvlar Osiyo o‘yinlaridan ham murakkab o‘tishini anglatadi. Eng muhimi, Islom birdamlik o‘yinlari "Parij-2024" oldidan atletlarimizning tayyorgarligini sinovdan o‘tkazib beradi. Shu bois, bor e’tiborni Konyadagi musobaqaga yo‘naltirmoqdamiz. – deya ta’kidladi yig‘ilish avvalida Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov.
– Barcha sport turlarida yil davomida muhim musobaqalar mavduj. Islom birdamlik o‘yinlariga yuqori tayyorgarlikda yetib borish uchun yakkakurash turlarida iyul oyida o‘tadigan turnirlarga asosiy tarkibni jalb qilmaslik lozim. Boisi, unda atletlarimiz jarohat olgudek bo‘lsa, avgust oyidagi Islom birdamlik o‘yinlariga to‘liq tiklana olmasliklari mumkin. Rejaga ko‘ra, barcha terma jamoalarimiz iyul oyini to‘laligicha o‘quv-mashg‘ulot o‘tkazishadi. 2017 yil Ozarbayjonda o‘tgan o‘yinlarda 63 ta medal bilan umumjamoa hisobida to‘rtinchi bo‘lgan edik. Bu yil Turkiyada o‘tadigan 57 ta davlat vakillari qatnashadigan musobaqalarda avvalgi natijalarni yaxshilagan holda "Parij-2024" uchun munosib tayyorgarlik maydonini yaratmog‘imiz lozim, – deya fikr bildirdi MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov.
Mutasaddilarning taklifidan kelib chiqib, o‘yinlarda qatnashadigan sport turlari bo‘yicha federatsiya mas’ullari o‘z mulohazalarini bildirishdi.
Muhokamalar jarayonida barcha terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishga sharoit yaratib berilishi, buning uchun mas’ullardan yig‘in manzili va unda qatnashadiganlar soni bo‘yicha aniq ma’lumotlarni o‘rnatilgan tartibda taqdim etish lozimligi bildirildi.
Tadbir davomida shuningdek, Prezidentimiz raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash tizimi muhokama qilindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA