Islohotlar samarasi: oilalarning yillik daromadi oshmoqda
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Qashqadaryo viloyatida aholi tomorqalariga 110 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda asosiy o‘rin tutuvchi 611,5 mingta dehqon xo‘jaligi va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish doimiy e’tiborda.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, viloyat va tuman sektor rahbarlari bu yilgi kutilayotgan suv tanqisligini inobatga olib, aholi tomorqalarida ekinlarning joylashuvi borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Yurtimizda bahor nafasi ufurayotgan shu kunlarda dala yumushlari qizg‘in bormoqda. Xususan, mart-aprel oylarida tomorqalarda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish bo‘yicha mahallabay hokim yordamchilari bilan birgalikda ekish ishlari tashkil etiladi.

Buning uchun ertaki ekinlarni tezroq ekish maqsadida aholiga zarur urug‘lik, ko‘chatlar va o‘g‘itlar yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu borada tumanlarda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MJCH dehqonlarga yaqin madadkor bo‘lmoqda.
Uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida viloyatda jumladan, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Kasbi va Qarshi tumanlarida tomorqalardan ikki va uch marta hosil olinmoqda. Bu tumanlarda 10 sotix hisobiga o‘rtacha 1,5-2,0 tonna hosil yetishtirilmoqda. Dehqonchilikdan yiliga uch marta hosil oladigan xonadonlar daromadi o‘rtacha 30-35 million so‘mni tashkil etmoqda.
Kitob tumani Jilisuv mahallasida yashovchi Majid Qorayev 14 sotix tomorqada ekin yetishtiradi. Shundan ikki sotixda issiqxona barpo etilgan bo‘lib, sabzavotlardan uch marta hosil oladi. Bundan tashqari 19 ta qoramoli, 20 bosh parranda parvarishlaydi. Oilaning yillik daromadi 55 million so‘mni tashkil qiladi. Albatta, bunday natijaga erishishda boshqa hududlar, jumladan Farg‘ona, Surxondaryo viloyatining tomorqachilik rivojlangan tumanlaridan tajribali dehqonlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan amaliy ko‘rgazmali seminarlarning alohida o‘rni bor.

Prezidentimizning 2021 yil 16 dekabrda qabul qilingan “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Bir mahalla bir mahsulot” tamoyiliga amal qilinmoqda.
Unga ko‘ra, aholi tomorqalaridan ikki-uch marta hosil olishga barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini hamda tomorqa xizmati korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilda 128 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, tomorqa xizmati korxonalariga hokim yordamchilarining tavsiyasiga ko‘ra, kengashi huzuridagi jamg‘armadan ajratiladigan 22,5 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar hisobiga minitraktorlar, motokultivatorlar, tashish texnikalari, inkubatorlar, doripurkagichlar, quritish va qadoqlash uskunalari xarid qilinadi. Muzlatkichli omborlar, urug‘lik va ko‘chat do‘konlari tashkil etiladi.
Viloyatdagi tomorqachilar va fermerlarga yaqindan ko‘mak berish maqsadida Chiroqchi tumanida “Tomorqa yer egalarini rivojlantirish ilmiy- amaliy markazi”, Kitob tumanida “Varganza tomorqa xizmati” jamiyatlarida o‘quv markazlari faoliyat yuritmoqda.
O‘zA