Islohotlar rivoji salohiyatli, bilimli yoshlarga bog‘liq
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani hokimi O‘tkirbek Shukurov tumandagi umumta’lim maktablari rahbarlari va chet tili fani o‘qituvchilari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 13 fevral kuni ijtimoiy sohaga mas’ul rahbarlar ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishida mamlakatimizni olg‘a boshlovchi, islohotlarni amalga oshiruvchi asosiy kuch bu – bilimli va sog‘lom avlod ekanligi, shu bois, ta’lim tizimining barcha bosqichlari isloh qilinib, izchil rivojlantirilishi, asosiy e’tibor sifatga qaratilishi, 2023 yildan boshlab, o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasbga o‘rgatish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidlab, bu boradagi muhim vazifalarni belgilab berdi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib tumandagi 74- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tuman hokimi har bir maktabda o‘quvchilarning puxta bilim olishi, biror kasb-hunarni egallashi uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish, ta’lim sifatini, bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirdi.
[gallery-10606]
Ayni kunda Xo‘jaobod tumanida 31 ta umumta’lim, 6 ta maxsus va ixtisoslashtirilgan, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat yuritmoqda, ularda 22 ming nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi. Maktablarda xorijiy til sifatida asosan, ingliz va nemis tili o‘qitiladi.
Muloqotda ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan chet tili fani o‘qituvchilariga o‘z ustida ko‘proq ishlash, o‘quvchi yoshlarga sifatli ta’lim berish hamda maktab bitiruvchilariga kamida ikkita tilni o‘rgatib, kelajakda ularni jamiyatda o‘zlarining munosib o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish, bu boradagi muhim vazifalar yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
O‘quvchilarga ingliz va nemis tillarini yanada chuqurroq o‘rgatish maqsadida qo‘shimcha to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bundan tashqari, viloyatda ish olib borayotgan o‘quv markazlari bilan hamkorlikda fransuz, koreys va xitoy tillarini o‘rgatish bo‘yicha ham to‘garaklar tashkil etishga kelishib olindi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA