Islohotlar – jurnalistlar nigohida
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan jurnalistlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tashabbusi bilan jurnalistlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Jurnalistlar press-tur davomida Xatirchi hamda Navbahor tumanlarida bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni markaziy nashrlar, televidenie orqali keng yoritdi. Ijodkorlarning navbatdagi manzili viloyatning Konimex tumani bo‘ldi.
Dastlab jurnalistlar Sho‘rtepa mahallasi hududidagi “Konimex nasl chorva” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Ushbu korxona Prezidentimizning joriy yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida tasdiqlangan dasturga asosan o‘z faoliyatini boshlagan.
– Loyiha uchun tuman hokimligi tomonidan 1 ming gektar yer maydoni ajratildi, – deydi korxona rahbari Aziz Suvonov. – Bugungacha korxona tomonidan 1 million 19 ming dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Natijada korxona uchun bino sotib olindi. Ukrainadan 121 bosh zotli qoramol keltirildi. Mol sonini 1000 boshga yetkazish mo‘ljallangan. Bu ishlar eronlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Hamkorlarimizning yashashi, ishlashi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan.
Press-tur ishtirokchilari mahalladagi “Navoiy gips xomashyo” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘ldi.
O‘tgan yilning 1 oktabrida ish boshlagan korxonada 15 kishi mehnat qiladi. Loyihaning umumiy qiymati 1,5 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxona tomonidan Qozog‘iston Respublikasi bilan 500 ming dollar miqdorida ganch mahsulotlari yetkazib berish uchun shartnoma imzolangan.
Ushbu korxona 2020 yil 1 oktabrga qadar 14 milliard so‘mlik gipsokarton va gipsoblok ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirgan. Texnologik asbob-uskunalar keltirish uchun Xitoy Xalq Respublikasi bilan shartnoma tuzilgan. Buning uchun tijorat banki tomonidan 1 million dollar miqdorida kredit ajratiladi. Xom ashyo esa viloyat hududidan olinmoqda.
Bundan tashqari, hududdagi “Riverstone Powders” mas’uliyati cheklangan jamiyatida MP-1 markali aktivlashtirilgan mineral kukun ishlab chiqarilayotir.
– Yo‘lga yotqizilgan oddiy asfalt bir yarim-ikki yildan so‘ng yoriladi, – deydi korxona rahbari Sherali Ro‘ziev. – Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan bizning korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulot esa 20 yilgacha kafolatlangan. Avvallari mahsulot tarkibiga qo‘shiladigan strategik ahamiyatga ega qo‘shimcha xom ashyo faqat Rossiyadan keltirilar edi. Endilikda u Nurota va G‘ozg‘onning marmar qoldiqlaridan olinadi. Eng muhimi, korxona mahsulotlariga tashqi bozorda ehtiyoj yuqori. Kelishuvlarga muvofiq, mahsulotimiz 2020 yil yanvaridan Qozog‘istonga eksport qilinadi.
Sho‘rtepa mahallasi hududida joylashgan “Konimex – Askomi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ikki gektarlik issiqxonasida 15 nafar ishchi mehnat qiladi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 4,5 milliard so‘mga teng bo‘lib, bu yerda yetishtirilgan pomidor qator xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
Shu kuni jurnalistlar tuman Davlat xizmatlari markazi hamda yangi binoda faoliyat boshlagan Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatining Navro‘z mahallasi hududidagi polipropilen qoplar ishlab chiqarish sexi, tuman Bolalar va o‘smirlar sport maktabi, “Konimex-Qizilqum shubat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 4,5 gektar maydonda tashkil etilgan ekoturizm markazi bilan ham tanishdi.
Odil HOTAMOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.