Islohotlar jarayonida faol ishtirok etamiz
Rivojlanish yo‘lidan dadil odimlab borayotgan yurtimiz tobora yuksalib, dunyo hamjamiyati orasida nufuzi ortib, munosib o‘rin topayotganligidan beixtiyor qalbimiz g‘ururga to‘ladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini tinglab, ta’lim, ilm-fan sohasi vakili sifatida yakunlangan yil mamlakatimizda ana shu yo‘nalishlarda ulkan o‘zgarishlar, yangilanish va yuksalish yili bo‘lganligini yana bir bor his etdim. Rivojlanish yo‘lidan dadil odimlab borayotgan yurtimiz tobora yuksalib, dunyo hamjamiyati orasida nufuzi ortib, munosib o‘rin topayotganligidan beixtiyor qalbimiz g‘ururga to‘ladi.
Haqiqatdan ham yurtimizda ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasida tub burilish davri boshlandi. Yurtboshimiz tabriklarida yangi-yangi bog‘cha va maktablar, oliy o‘quv yurtlari, yetakchi xorijiy universitetlarning filiallari bunyod etilganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, ana shu o‘zgarishlarni birgina Andijon viloyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Viloyatda 2 ta davlat, 541 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 1 ming 176 taga yetdi. Bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi 52,1 foizga yetdi. Bundan tashqari, ikkita yangi umumta’lim maktabi barpo etildi, yuzga yaqin umumta’lim maktabida kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bu albatta, ta’lim-tarbiya sifatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi “O‘zbekistonda Sharda universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida Andijon shahrida Sharda universitetining filiali ochildi. Andijon davlat universiteti, Andijon davlat tibbiyot, Mashinasozlik institutlari, Toshkent davlat Agrar universiteti Andijon filialida o‘nga yaqin xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv va memorandumlar imzolandi, ularning ijrosi yuzasidan qator amaliy ishlar bajarildi.
Oliy o‘quv yurtlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, iqtidorli talaba va olimlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, o‘qitishda innovatsion usullardan keng foydalanish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari ish haqining oshirilganligi, umuman mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ibratli ishlar bizga ilhom, shijoat va kuch bag‘ishladi.
Ishonamanki, joriy yilda ham ana shu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami yanada kengayadi. Buning uchun har birimiz astoydil mehnat qilib, islohotlar jarayonida faol ishtirok etamiz. Yosh avlodga munosib ta’lim va tarbiya berish, ularning qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Akmaljon ERMATOV,
Andijon Mashinasozlik instituti prorektori