Ishtixonlik kitobxonlar yana g‘olib
Samarqandda “Zukko kitobxon” tanlovining navbatdagi mavsum viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda dastlabki bosqichda g‘olib bo‘lgan kitobxonlar – 16 tuman va shahar jamoalari ishtirok etdi.
– Xalqimiz, jumladan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish va ularning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida joriy yildan hududlarda mazkur tanlovni doimiy o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. – Bu yurtimizda aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Mazkur tanlov orqali mahalla yoshlari ko‘proq badiiy kitob o‘qiyapti, vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda. Muhimi, kitobxonlik yoshlar bilimini boyitib, dunyoqarashini kengaytirmoqda, mahallalarda kitobxon yoshlar ko‘paymoqda.
Jamoalar o‘qish uchun tavsiya etilgan kitoblar asosida tayyorlangan savollarga javob berdilar va shu asosida ularning zukkoligi baholandi.
Tanlov yakuniga koʻra, Ishtixon tumani jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi va 6 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Ikkinchi oʻrinni egallagan Kattaqoʻrgʻon shahri yoshlariga 4 million 200 ming soʻm pul mukofoti va uchinchi oʻringa munosib deb koʻrilgan qoʻshrabotlik kitobxonlarga 3 million soʻm pul mukofoti berildi.
E’tiborlisi, bundan avvalgi mavsumda ham tanlovning viloyat bosqichida Ishtixon tumani jamoasi g‘olib bo‘lgandi.
Tanlovda qatnashgan boshqa jamoalarga ham belgilangan miqdorda pul mukofoti va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari