Ishonchli vakilning uchrashuvlari davom etmoqda
Navoiy viloyati Konimex tumanida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Baxtiyor Toshev saylovchilar bilan uchrashdi.
Ishonchli vakil yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Ta’kidlanganidek, saylovoldi dasturda davlat fuqarolarning ta’limga oid haq-huquqlarini amalga oshirishni o‘z zimmasiga olishi eng muhim vazifa ekanligi alohida qayd etilgan.

– Bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olishni yuz foizga yetkazish, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlov bilan bepul to‘liq qamrab olish birinchi darajadagi vazifadir, – dedi ishonchli vakil. – Shuningdek, o‘quvchilar uchun jamoat transportlaridan bepul foydalanish, bir navbatli maktablar va bitta sinfda ko‘pi bilan 25 nafar o‘quvchi bo‘lishi, ular uchun barcha qulay sharoitlarni yaratib berish kerak. Dasturda chet tillari va axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv soatlarini ko‘paytirish, maktab yerlarini noqonuniy sotib yuborishga chek qo‘yish, davlat granti asosida o‘qiydigan talabalar ulushini 50 foizga yetkazish, talabalarning darslarga ishtiroki va innovatsion faoliyatni inobatga olib stipendiyalar miqdorini belgilash, inklyuziv ta’limni rivojlantirish sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarga imtiyozlar berish takliflari ilgari surilmoqda.

Ishonchli vakil saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab, unga ovoz berishga chaqirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA