Ishonchli vakil talaba-yoshlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodovning ishonchli vakili Shamitdin Pardayev Buxoro davlat universitetida talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashdi.
Ishonchli vakil saylovoldi dasturda belgilangan maqsadlardan biri Energetika sohasining asosiy drayveri innovatsion texnologiyalar ekanligini inobatga olgan holda energetika sohasini tubdan modernizatsiya qilish orqali iqtisodiyotda ikki karra energiya samaradorligiga erishish to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, energiya iste’moli tejamkorligini rag‘batlantirishning huquqiy asoslarini yaratish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari sohasida bozor mexanizmlarini tadbiq etish, energiya resurslari bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, “yashil” tariflarni joriy etish, yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari ulushini umumiy energiya balansida 40 foizga yetkazishni alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida saylovchilarni qiziqtirgan barcha savollariga ishonchli vakil tomonidan atroflicha javob qaytarildi.


Zarif Komilov, O‘zA