Ishonchli vakil harbiylar bilan uchrashdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili Rustam Xolmurodov Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Samarqand garnizonidagi harbiy saylovchilar bilan uchrashdi.

Ishonchli vakil nomzodning siyosiy faoliyati haqida gapirar ekan, keyingi besh yil davomida yurtimizda ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, kommunal va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan islohotlar bugun o‘z mevasini berayotgani, ayniqsa qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalari qayta tiklangani va mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etdi.

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov hamda bir guruh harbiy xizmatchilar keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy samarasi O‘zbekistondagi har bir xonadonga kirib borganligini, har bir yurtdoshimiz taqdiriga o‘zgarishlar olib kirganligi e’tirof etdi.

Jumladan, Qurolli Kuchlarimizda olib borayotgan islohotlar natijasi sifatida harbiy xizmatchilarimizning Xalqaro armiya o‘yinlarida erishayotgan yutuqlari, poligonlar infratuzilmasining yangilangani, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi misollar orqali qayd etildi.

G‘.HASANOV, O‘zA