Ishonch va integratsiya: O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarida yangi tarixiy bosqich
O‘tmishga nazar tashlab, katta siyosat maydonidagi murakkab jarayonlarni kuzatish asnosida, ayrim tarixiy voqealarning ahamiyatini oddiy raqamlar yoki rasmiy bayonotlar bilan baholab bo‘lmasligiga amin bo‘ldim. Ilgari yechilmasdek ko‘ringan chegara muammolarining bartaraf etilishi hamda ayri tushgan qondosh xalqlarning yagona geosiyosiy va iqtisodiy makonda jipslashishi kishida faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.
Cho‘lponota shahridagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tomonidan o‘tkazilgan uchrashuv va unda erishilgan kelishuvlar hamda imzolangan salmoqli hujjatlar aynan shunday tarixiy burilish nuqtasi sanaladi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari endilikda oddiy yaxshi qo‘shnichilik doirasidan chiqib, sifat jihatidan yangi – Ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘tarildi. Bu nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqarorligi va kelajagi uchun fundamental ahamiyatga molik voqeadir.
Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan 450 ta qo‘shma korxona va muvaffaqiyatli ishlayotgan Taraqqiyot fondi shunchaki biznes raqamlari emas, balki xalqlarimizning bir-biriga bo‘lgan iqtisodiy ishonchining amaliy ifodasidir. Ikki poytaxt va yirik shaharlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan 15 ta aviaqatnov va 5 ta avtobus yo‘nalishi esa odamlarning qatnovi yengillashgani, qarindoshlik rishtalari yanada mustahkamlanganidan dalolat beradi.

Endilikda oldimizga qo‘yilgan strategik maqsad – o‘zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazish vazifasi nazariy emas, balki aniq hisob-kitoblarga asoslangan real marradir. Bunda ikki davlat poytaxtlarida ochiladigan savdo uylari va vakolatxonalar muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, siyosatda har doim ikkita narsa muhim hisoblanadi. Biri ishonch, ikkinchisi manfaatlar uyg‘unligi. Bugun Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida shunday uyg‘unlikka erishildiki, buni ikkita global loyiha misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Birinchidan, Qambarota GES-1 qurilishi mazkur hamkorlikning energetik yuragi hisoblanadi. Bu loyiha nafaqat ikki mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlaydi, balki mintaqadagi suv-energetika muvozanatini saqlashda ham hal qiluvchi omil bo‘ladi. Bitimni imkon qadar tezroq amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha kelishuv tomonlarning qat’iyatli ekanini ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasi esa geosiyosiy va geoiqtisodiy masshtabdagi o‘zgarishdir. Bu yo‘l Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan eng qisqa va qulay transport koridoriga aylanib, Markaziy Osiyoni dunyoning transport-logistika markaziga aylantiradi. Ushbu magistral bo‘ylab savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va raqamlashtirish tadbirkorlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.
Cho‘lponota sammitining eng katta yutuqlaridan biri – imzolangan salmoqli hujjatlar paketidir. Xususan, ikki xalq fuqarolarining kundalik hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan kelishuvlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasining uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish bo‘yicha bitim yillar davomida to‘planib qolgan nozik masalalarga huquqiy va adolatli yechim topdi.
Shuningdek, davlat ijtimoiy sug‘urtasi va pensiya ta’minoti, oliy ta’lim sohasidagi kreditlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimlar oddiy insonlarning taqdiriga bevosita daxldor qarorlardir. Shu bilan birga, hududlar forumini o‘tkazish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash ikki xalqni yanada yaqinlashtiradi.
Ushbu tarixiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonning oliy davlat mukofoti – I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlangani chuqur ramziy ma’noga ega. Bu mukofot shunchaki diplomatik protokol emas. Bu, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini tiklagan, munosabatlarni strategik va ittifoqchilik darajasiga ko‘targan shaxsiy siyosiy iroda va fidoyilikka berilgan yuksak bahodir.
Prezidentimiz o‘z nutqida buni alohida ta’kidlab o‘tganidek, bugungi muvaffaqiyatlar bu har ikki davlat rahbarlarining mushtarak intilishlari hamda xalqlarimizning asriy orzu-umidlarining ro‘yobga chiqishidir.
Umuman olganda, hozirgi O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari boshqa davlatlar uchun ham haqiqiy qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik namunasi bo‘la oladi. Sababi, ishonch, hurmat va ochiqlikka asoslangan siyosat har qanday to‘siqni yengib o‘tishga qodir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA