Ishonch telefon raqamlari jamlangan yagona internet saytini yaratish taklifi bildirildi
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga “Ishonch telefonlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish haqida”gi petitsiya joylashtirildi.
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga “Ishonch telefonlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish haqida”gi petitsiya joylashtirildi.
Murojaatda qayd etilishicha, hozirda mamlakatimiz aholisi o‘rtasida “Ishonch telefonlari nega ishlamayapti?, Nega ularga hech kim javob bermayapti?, Nega zarur vaziyatda qo‘ng‘iroq qilganimizda boshqa manzilga tushayapmiz? qabilidagi savollar ko‘p uchramoqda.
Petitsiyada qayd etilishcha, barcha ishonch telefon raqamlarini o‘zida mujassamlashtirgan yagona internet saytini yaratish muassasalarning ishonchli raqamini topishda ancha qulaylik yaratadi.
Bundan tashqari, ishonch telefonlariga javob bermaganlik uchun javobgarlikka sabab bo‘ladigan holatlarning ro‘yxatini shakllantirish hukumatning xalq bilan bo‘ladigan muloqotga yanada mas’uliyat bilan yondashishiga turtki bo‘ladi.
Qayd etilganidek, ishonch telefonlariga javob berishda soha mutaxassislarini ko‘paytirish tizimni isloh qilishda asosiy omil hisoblanadi.
Shuningdek, ko‘plab tashkilot va muassasalarda, iste’molchi yoki mijoz bilan bog‘liq ziddiyatli vaziyatlar ishonch telefonlariga murojaat etishni taqozo etadi. Shu maqsadda, murojaatchilar soni monitoringini onlayn tizimda kuzatib borish yoki murojaatlarni qabul qilishning onlayn yo‘lga qo‘yilishi fuqarolar va mutasaddilar o‘rtasidagi muloqotning shaffofligini ta’minlaydi.
Murojaat so‘nggida davlat organlari ishonch telefonlarining to‘liq ro‘yxatini o‘zida aks ettirgan sayt yo‘lga qo‘yilishini va ishonch telefonlari bilan bog‘liq muammolarni o‘rgangan holda mutasaddilarning javobgarligini nazarda tutuvchi me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishni taklif qilingan.