Ishlab chiqaruvchi va xaridor o‘rtasida muloqot
Samarqanddagi “SOF EXPO” ko‘rgazmalar markazida oziq-ovqat mahsulotlarining “FOODERA EXPO 2026” ko‘rgazmasi ish boshladi.
Ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, importchilar, yetkazib beruvchilar va professional xaridorlarni birlashtirgan ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmada nafaqat yurtimizdagi oziq-ovqat sanoati vakillari, balki Rossiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa davlatlardan kelgan yuzdan ortiq ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.
– Keyingi yillarda yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda nufuzli brendlar bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksportni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda, – dedi ko‘rgazma ochilishida qatnashgan Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Samiyev. – Bu, albatta, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga narx barqarorligini saqlashga xizmat qilmoqda. Yanayam e’tiborlisi, import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar safi kengaymoqda va o‘z navbatida eksport ko‘paymoqda. Shuning uchun Samarqandda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasida viloyatimizdan 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti, yirik korxonalar ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar tomonidan oziq-ovqat bozori mahsulotlarining keng assortimenti – qandolat va non mahsulotlari, choy, qahva va boshqa ichimliklar, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, muzlatilgan va yarim tayyor mahsulotlarni namoyish etish bilan birga, ularning tayyorlanish jarayonlari, texnologiyalari haqida ma’lumotlar berilmoqda hamda hamkorlikda ishlash taklif etilyapti. Aslida, tadbirning asosiy maqsadlaridan biri ham biznes vakillarining nafaqat yangi mahsulotlar haqida bilib olishlari, balki hamkorlik, yetkazib berish va tarqatish shartlarini bevosita muhokama qilishlariga imkoniyat yaratishdir.
– Biz asosan tayyor ovqatlar, go‘sht va dukkakli mahsulotlarni konservalagan holda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz, – deydi Toshkent viloyatidagi “Ansor” korxonasi rahbari Burhoniddin Saidiy. – 15 yillik faoliyatimiz davomida Respublikamizning barcha hududlariga o‘z mahsulotlarimizni yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydik, har bir viloyatda dilerlarimiz bor. Ko‘rgazmada yana bir qator shaharlarda dilerlik markazlari tashkil etish bo‘yicha takliflar tushyapti, ulgurji xaridorlar mahsulotlarimizga qiziqish bildirmoqda. O‘ylaymanki, ko‘rgazma biz va xaridorlarimiz uchun manfaatli bo‘ladi.
[gallery-32212]
Ko‘rgazma doirasida ishbilarmonlik uchrashuvlari, yangi texnologiya va mahsulotlar taqdimotlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ishtirokchilar 2026-2030-yillarda jahon oziq-ovqat bozori, Markaziy Osiyodan eksport qilishning dolzarb masalalari, O‘zbekistonning hamdo‘stlik mamlakatlari bilan eksport va import borasidagi munosabatlari masalalarini muhokama qilib, o‘zaro fikr va tajriba almashmoqda.
– Bugungi kunda oziq-ovqat sanoatining rivojlanishini ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, distribyutorlar va oxirgi foydalanuvchi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, – deydi “SOF EXPO” ko‘rgazmalar majmuasi rahbari Ahmad Tojiboyev. – “FOODERA EXPO” ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va sohaning boshqa vakillari uchun aynan shunday imkoniyat yaratgani bilan ahamiyatli. Bu yerdagi ko‘rgazmalar, taqdimotlar va V2V uchrashuvlar professional, aniq biznes aloqalariga yo‘naltirilgan.
Uch kun davomida ko‘rgazma ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilar namoyish etilayotgan mahsulotlar haqida ma’lumot olish, potensial hamkorlikni muhokama qilish va yangi biznes aloqalarini o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari