Ishlab chiqarishda innovatsion loyihalar samarasi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda xlorli gazlarni yutib qoluvchi Mahalliy O‘z-AD-1 adsorbenti, “Fan va taraqqiyot” DUK bilan hamkorlikda neft xomashyosi tarkibidagi emulsiyalarni buzib suv va tuzdan tozalash maqsadida kimyoviy reagent “Deyemulgator” olish texnologiyasi ishlab chiqildi.
O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda faollashtirilgan alyuminiy oksidi ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqish va turli gazlar hamda azotni quritishda joriy etish va O‘zbek-Yapon yoshlari innovatsion markazi bilan hamkorlikda vodorod sulfidli korroziyaga qarshi yuqori samarali import o‘rnini bosuvchi mahalliy korroziya ingibitori ishlab chiqish yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida “Kvalitet Vostok Group” MCHJ bilan hamkorlikda YeVRO-4,5 dizel yoqilgisi uchun moylovchi prisadka, “Farg‘onaazot” AJ bilan hamkorlikda trinatriyfosfatning kimyoviy reagent, “Shturval” MCHJ bilan hamkorlikda gazlarni aminli tozalash qurilmasi faollashtirilgan ko‘miri va UNA va A havosini quritish qurilmasida foydalaniladigan silikagel import o‘rni bosildi.
“Navoiy Eko-karbon” MCHJ va “Shturval” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan ko‘mirlarni Buxoro neftni qayta ishlash zavodi kerosinini dimerkaptanlash qurilmasida qo‘llanilishi yuzasidan va “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan laboratoriya sharoitida ishlab chiqarilgan alyuminiy sulfat reagentining zavod oqava suvlarini tozalash bo‘yicha laboratoriya tahlillari o‘tkazildi.
[gallery-4337]
Joriy yilda o‘tkazilgan respublika hududiy tarmoqlararo yarmarkalarida 33 ta memorandum va 3 ta yul xaritalari imzolandi. 2020-2021 yillarda "Yangi mahsulotlar" ishlab chiqarish dasturi doirasida ultra past darajada oltingugurt saqlagan Yevro-4,5 toifasidagi dizel yoqilg‘isi, ekspluatatsion xossalari yaxshilangan Ai-95 "QuWatt" markasidagi yangi avtomobil benzini, texnik suyuq kislorod, AI-98 rusumli yuqori oktanli avtomobil benzini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Zavodda joriy yil yangi asbob-uskunalardan foydalanish rejasiga ko‘ra tasdiqlangan tadbir asosida 12 ta tadbir amalga oshirilmoqda. Mahalliylashtirish dasturining bajarilishi joriy yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha rejaga nisbatan 121,83 foizni tashkil etmoqda. Zavodda joriy yil 9 oyida 718,05 ming AQSH dollari miqdoridagi importni qisqartirish ishlari amalga oshirildi.
Ratsionalizatorlik faoliyati bo‘yicha joriy yil 9 oyi davomida 12 ta ratsionalizatorlik takliflari kelib tushdi. Shundan 8 tasi qabul qilingan. 6 tasi ishlab chiqarishda qo‘llanilgan. Zavod ishchi-xodimlarini ratsionalizatorlik va ixtirochilik faoliyatiga jalb qilish maqsadida 2021 yil 27 martdagi 103-sonli buyruqqa asosan “Buxoro NQIZning eng yaxshi ratsionalizatorlik ” tanlovi e’lon qilingan.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA