Ishlab chiqarish hajmi va sifati yanada oshadi
“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tashabbusi bilan “Toʻrtkoʻl don mahsulotlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga press-tur tashkil etildi.
“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tashabbusi bilan “Toʻrtkoʻl don mahsulotlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab ushbu masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli tegirmon sexining ochilish marosimida ishtirok etdi. Umumiy qiymati 7 milliard soʻm boʻlgan yangi sexda bir kecha -kunduzda 60 tonna bugʻdoy qayta ishlanib, sifatli un mahsuloti ishlab chiqariladi. Sexda 20 nafardan ziyod kishi ish bilan taʼminlandi.


“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalarda bir yilda 2 million 20 ming tonna un ishlab chiqarish quvvatiga ega 52 ta tegirmon sexi, 96 ming tonna un, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega 118 ta non sexi, 39 ming tonna makaron ishlab chiqarish quvvatiga ega 47 ta makaron sexi, 97 ming tonna yorma ishlab chiqarish quvvatiga ega 13 ta yorma sexi, 1 million 412 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarish quvvatiga ega 48 omuxta yem sexi faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Ushbu ishlab chiqarish sexlari tomonidan ichki isteʼmol bozorlariga doimiy ravishda un, non va non mahsulotlari, makaron va yorma mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
“Oʻzdonmahsulot” kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash hamda yangi quvvatlarni qurib ishga tushirish boʻyicha bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijdagi kompaniya va firmalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar jalb qilinmoqda.


2014-2019-yillar mobaynida tizimda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni qurib ishga tushirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida jami 103,8 million dollarlik 112 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Shundan 63 tasi yangi quvvatlar boʻlsa, 49 loyiha boʻyicha modernizatsiya ishlari bajarildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirishda Turkiya, Rossiya, Germaniya, Ukraina, Xitoy, Tayvan va Italiya davlatlarining ilgʻor kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalardan foydalanildi.
Natijada ishlab chiqarish hajmi oshdi, mahsulot sifati yanada yaxshilandi, elektr-energiya sarfi 15-20 foizgacha qisqartirildi va tizimda qoʻshimcha 1 ming 623 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bundan tashqari, tizimda 16,4 million AQSH dollarilik 12 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi.


Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. 2020-2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturiga koʻra 18,5 million dollarlik 14 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Tizimdagi maʼnan va jismonan eskirgan uskunalar zamonaviylariga almashtiriladi va energiya tejamkor texnologik uskunalar oʻrnatiladi.
Tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari batafsil javob berdi.

