“Ishga marhamat” monomarkaziga press-tur tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan vazirlik tasarrufidagi «Ishga marhamat» monomarkaziga press-tur tashkil etildi.
Monomarkazda bugungi kunda ishsiz aholini qisqa muddatlarda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, aholini tadbirkorlikka jalb etish, xorijiy tillar hamda tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik ko‘nikmalarini oshirish, xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarni o‘qitish, qaytib kelgan mehnat migrantlarining ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish, ularga psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish kabi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 avgustdagi «Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, yoshlarni kasbga o‘qitishning zamonaviy tizimini joriy etish va rivojlantirish, milliy taraqqiyotimiz va global mehnat bozoridagi munosib o‘rnimizni topish hamda «Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek, baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti taqdim etilishi ko‘zda tutilgan. Monomarkazda o‘qishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat – sertifikat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtiriladi.
Monomarkazda mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq bo‘lgan 22 turdagi ishchi kasb, 5 ta xorijiy til hamda tadbirkorlik ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha qisqa muddati 2, 3, 4 oylik o‘quv kurslari tashkil etilgan.
Press-tur doirasida O‘zbekistonda ilk “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
[gallery-625]
Mazkur markaz O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida bandlik va mehnat sohasida faol aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish hamda 2019 yil 17 dekabrda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Yaponiyaning vakolatli vazirlik va idoralari o‘rtasida “Maxsus malakali ishchilar" maqomiga ega bo‘lgan xorijiy mehnat resurslari tizimining tegishli ravishda amalga oshirilishi to‘g‘risida imzolangan hamkorlik shartnomasi qoidalarini inobatga olgan holda tashkil etilgan.
Markazga o‘zbek fuqarolariga Yaponiyaning tegishli qonun talablariga moslashtirilgan ta’lim va ko‘nikmalarni berish, shu bilan bir qatorda, Yaponiyaga xavfsiz, tartibli va tashkillashtirilgan holda jo‘natish mexanizmini yaratish vazifalari yuklatilgan.
Markazda Nippon akademiya instituti (Nippon Academy Educational) bilan hamkorlikda “Yapon tili” (JFT-Beizik) va “Maxsus kasbiy malaka” (Tokutey gino) testlariga tayyorlov kurslari joriy qilingan. Ushbu tayyorlov kurslari o‘qitilishi joriy yilning 16 noyabridan boshlangan bo‘lib, bugungi kunda Nippon akademiyasi institutining 5 nafar yetakchi pedagog xodmimi 50 nafar fuqaroga onlayn tarzda yapon tilida N4 darajasidagi malaka, qariyalar boquvchisi va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha kasbiy malaka kurslari yo‘nalishlarida ta’lim bermoqda. O‘quv jarayoni 2 semestrdan iborat bo‘lib, 6 oy davom etadi. Ushbu tayyorlov kurslarini muvaffaqiyatli bitirgan nomzodlar Yaponiyaning Nippon akademiya institutining diplomi va Yaponiyada ishlash huquqini beruvchi "Maxsus malakali ishchi" xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritadi.
Tadbirda Yaponiya va O‘zbekiston hamkorligida tashkil etilgan mazkur “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazi Yaponiyada ishlashni rejalashtirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Yapon tili va kasbiy malaka ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Shu bilan bir qatorda, tomonlarning tajribalari almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali har tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan harakatlarni birlashtiradi.
Tadbirda faol jurnalist va blogerlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shahnoza MAMATUROPOVA,
O‘zA muxbiri