“Ishga marhamat” monomarkazi aholi xizmatida
Prezidentimizning 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Maxkamasining joriy yilning 5 aprelidagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etilib, o‘z faoliyatini biroz fursat ilgariroq boshlagan edi.
Quvvati bir vaqtning o‘zida 490 o‘rinli bo‘lgan Jizzax shahridagi “Ishga marxamat” monomarkazi sobiq Jizzax iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘rnida tashkil etilib, monomarkaz faoliyat yuritayotgan binoni ta’mirlash va jihozlashda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 14 milliard 400 million so‘m va Jahon bankining 1 milliard 145 million so‘mdan ortiq mablag‘lari jalb etildi. Markaz bugungi kunda qayta rekonstruksiya qilinib, “WORLD SKILLS” talablari asosida to‘laligicha qayta jihozlash ishlari yakuniga yetkazildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tarkibiy tizimiga kiruvchi band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida 5 ta xizmat turi, 22 turdagi kasbga o‘qitish va 5 ta til o‘rgatish kurslari faoliyat yuritmoqda.
Monomarkazda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bandligi vaqtincha ta’minlanmagan jizzaxlik yigit-qizlar uchun servis va xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha 8 ta, texnik soha bo‘yicha 7 ta, qurilish sohasi bo‘yicha 5 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 2 ta kasb turlari tashkil etilgan.
Shuningdek, xorijiy tillarni o‘rgatish kursida rus, ingliz, koreys, xitoy va yapon tillari, raqamli texnologiyalarni o‘rgatish kursida esa kompyuter savodxonligi, dasturchi 1S buxgalteriya mutaxassisliklari o‘rgatiladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik asoslari bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursi va migratsiya xizmatlari mavjudligini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.
Ayni paytda monomarkazda 24 ta kasb-hunar va 3 turdagi til o‘quv kurslarida 317 nafar band bo‘lmagan yoshlar o‘qitilib, kasb-hunarga o‘rgatilayotir.
– Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi tantanalari Jizzaxda allaqachon boshlab yuborildi, – deydi tadbirda ishtirook etgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimi o‘rinbosari N.Muxtorova. – Bugun Jizzax shahrida rasman ochilgan “Ishga marhamat” monomarkazi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi bayramiga yoshlarimiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Bunday markazlarni tashkil qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – nafaqat ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitib, sertifikat berish, balki ularni mehnat bozorida raqobatbardosh kasbni o‘zlashtirgan, yuqori malakali mutaxassis sifatida yetishtirishdan ham iboratdir.
Kelgusida hududda mavjud korxona va tashkilotlar bilan kasbga tayyorlash bo‘yicha shartnomalar tuzish, ish beruvchi talabiga asosan mutaxassis tayyorlash va malakani baholash markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (suratlar) O‘zA