Ishchilarning qariyb yarim milliard so‘mlik ish haqi undirildi
Mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq qarzdorlikni bartaraf etish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda sud hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida bajarish borasida Majburiy ijro byurosi tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, sud qarorlariga asosan ish haqi undirilishi belgilangan bo‘lsa-da, to‘lovlar amalga oshirilmagan holatlarda qarzdorlikni undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Beruniy tumanlararo sudining qarorlariga asosan, javobgar «TO‘RTKO‘L TOZA HUDUD KLASTER» MCHJdan 25 nafar ishchi-xodim foydasiga 521 million so‘m ish haqi undirish belgilangan.
Biroq, jamiyat tomonidan sud qarorlari ijrosi ta’minlanmagani sababli ishchilarga tegishli ish haqlari to‘lab berilmagan. Shundan so‘ng, ishchi-xodimlar sud qarorlari asosida berilgan ijro varaqalarini ijroga qaratish maqsadida Majburiy ijro byurosining To‘rtko‘l tuman bo‘limiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaatlar asosida ijro ishlari qo‘zg‘atilib, qarzdorlikni undirish choralari ko‘rilgan. Jumladan, davlat ijrochisi tomonidan jamiyat bosh hisobchisiga ijro hujjatlarini 15 kunlik muddatda bajarish zarurligi, aks holda qonunda belgilangan javobgarlik choralari qo‘llanilishi va majburiy ijro harakatlari amalga oshirilishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirish berilgan.
Shuningdek, qarzdor tashkilotning asosiy bank hisobvaraqlari xatlovga olinib, jamiyat nomida aniqlangan ikkita ko‘chmas mulkka nisbatan ham xatlov choralari qo‘llanilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida joriy yilning 12-oktabr kuni 25 nafar ishchi-xodimning jami 524 million so‘m ish haqi to‘liq undirib berildi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA