Ishchi-xodimlar uchun yotoqxona
“Dovg‘iztov” konida mehnat faxriylari, kon boshqarmasi ishchi-xodimlari ishtirokida 174 o‘rinli yotoqxonani foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda NKMK xodimlari Kasaba uyushmasi kengashi raisi I.Rahmatov, Zarafshon shahar hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i L.Tursunova, Shimoliy kon boshqarmasi direktori N.Amonovlar so‘zga chiqdi. Yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosati, odamlarni rozi qilish, bunga javoban kombinatda ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ular uchun munosib ish va yashash sharoitlarini yaratib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu ob’ektning qurilishi Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi. Qurish va jihozlash ishlariga 6 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Majmua nafaqat yotoqxona, balki ko‘plab qo‘shimcha maishiy sharoitlarga ham ega. Jumladan, 80 o‘rinli oshxona, 154 o‘rinli yuvinish va kiyinish xonalari, ma’naviyat burchagi, dam olish hududlaridan tarkib topgan.
– Kombinat ma’muriyati va Kasaba uyushmasi kengashiga rahmat. Ishchi-xodimlarga mana shunday sharoitlarni yaratib berishga xizmat qilyapti. Sahro bag‘rida barcha sharoitlarga ega yotoqxona qurib berilishi ham ana shunday g‘amxo‘rlikning amaldagi namunasidir. Bundan jamoamizning quvonchi cheksiz. Albatta, bu ishchi-xodimlar yashashi, bo‘sh vaqtda mazmunli hordiq chiqarishining mustahkam kafolatidir, – deydi kon elektrochilangari Erkin Rashidov.
[gallery-23600]
Ma’lumot o‘rnida, “Dovg‘iztov” koni kombinatning ilg‘or va istiqbolli konlaridan biri bo‘lib, bu yerda 700 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Mazkur konda bu yil 45 million kubometr tog‘ jinslarini qazib olish rejalashtirilgan.
An’anaga ko‘ra, mehnat faxriylari tomonidan yotoqxonaning ramziy lentasi qirqilib, ishtirokchilar yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni tashkil etilib, osh tortildi.
Dildora Karimova,
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ
Matbuot xizmati muxbiri