Ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” loyihasi doirasida O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va Jahon bankining “Biznes yuritish” hisobotidagi xalqaro reytingini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” loyihasi doirasida O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va Jahon bankining “Biznes yuritish” hisobotidagi xalqaro reytingini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.“O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” loyihasi Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma tashabbusi bo‘lib, onlayn xizmatlarni joriy etish, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, inklyuziv biznes-modellarni rivojlantirish va ilgari surish uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
– Bugungi kunda ishbilarmonlik muhiti va investitsiyaviy iqlim jozibadorligini oshirishga doir harakatlarni faollashtirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Stefan Prisner. – O‘zbekiston qulay ishbilarmonlik muhitiga ega. Yurtingizda tadbirkorlik jadallik bilan rivojlanmoqda. O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda egallab turgan o‘rni yuksalib borayotgani ham bu boradagi ishlar samaradorligini ifodalaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda biznes yuritishning institutsional asoslarini yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni olish bilan bog‘liq tartib-tamoyillar, eksport va import chog‘ida mahsulotlarni sertifikatlash tizimi soddalashtirilishi evaziga tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish chog‘ida bojxona rasmiylashtiruvi, yuklarni tashish borasida vaqt va mablag‘ tejalishiga erishilmoqda. Soliqqa tortish sohasidagi islohotlar ham Jahon bankining reytingida ijobiy aks etdi.
– O‘zbekistonning xalqaro reytingdagi pozitsiyasi ishbilarmonlik muhitining qulayligini aks ettirmoqda, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” loyihasi rahbari Bahodir Bekov. – Bu xalqaro biznes jamiyatida investitsiyaviy qarorlarni qabul qilishda muhim omil sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida ham «Doing Business» hisobotida O‘zbekiston reytingini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga oid vazifalar belgilangan.
BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekiston biznes forumi (3-bosqich)” loyihasi ekspertlari mavjud vaziyatni tahlil qilish asosida tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqib, ularni milliy hamkorlarga muhokama uchun taqdim qildi.