Ishbilarmonlik faolligi indeksi: sentabr oyi sharhi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2026-yil sentabr oyi uchun hisoblangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi 1 389 birlikni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 38,9 foizga oshdi.
Ishbilarmonlik faolligi indeksi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy faolligini to‘rtta komponent asosida baholaydi. Ular banklararo to‘lov operatsiyalari (mablag‘lar aylanish tezligi), tovar-xom ashyo birjasidagi faollik (tovar aylanmasi), faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni dinamikasi hamda yangi tovar belgilarining ro‘yxatga olinishini qamrab oladi. Indeksning bazaviy qiymati 1 ming birlik etib belgilangan. Ko‘rsatkichning ushbu darajadan yuqori yoki past bo‘lishi oldingi oyga nisbatan ishbilarmonlik faolligining o‘sishi yoki kamayishini ifodalaydi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimi Islombek Saparmatov O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksining dinamikasi, ishbilarmonlik faolligi indeksining hududlar kesimidagi o‘zgarishi, birja savdolarida faollik hamda umumiy natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi:
– 2026-yil sentabr oyida ishbilarmonlik faolligi indeksining to‘rtta komponentidan uchtasida ijobiy dinamika kuzatildi. Ya’ni, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalari soni 10,5 foizga, tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo xarid qilish faolligi 87,6 foizga, faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni esa 1,1 foizga oshdi. Tovar belgilari bo‘yicha komponent 1,6 foizga kamaydi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, respublikaning 13 ta hududida indeks o‘sgan, Sirdaryo viloyatida esa 7,8 foizga pasaygan.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax viloyatida (50,1 foiz), Toshkent shahrida (44,0 foiz), Farg‘ona viloyatida (43,8 foiz), Toshkent va Namangan viloyatlarida (43,0 foizdan), shuningdek, Buxoro viloyatida (40,6 foiz) qayd etildi.

Hisobot davrida banklararo to‘lov operatsiyalari soni qariyb 8 milliontani tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 0,8 mln. tranzaksiyaga yoki 10,5 foizga ko‘paydi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 28,4 foizni tashkil etdi.
Banklararo to‘lov operatsiyalari soni 9 ta hududda oshdi. Jumladan, yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni Xorazm viloyatida 13,9 foizga, Toshkent shahrida 11,6 foizga, Andijon va Navoiy viloyatlarida 11,0 foizdan, Toshkent viloyatida 9,8 foizga hamda Farg‘ona viloyatida 9,2 foizga ko‘paydi.
Ayrim hududlarda pasayish kuzatildi. Xususan, banklararo to‘lov operatsiyalari soni Surxondaryo viloyatida 20,6 foizga, Qashqadaryoda 5,7 foizga, Sirdaryoda 4,4 foizga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4,3 foizga va Buxoro viloyatida 2,5 foizga kamaydi.
Umumiy o‘sish Markaziy bankning banklararo elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan to‘lov hujjatlari sonining ko‘payishi bilan izohlanadi. Jumladan, avgust oyiga nisbatan memorial orderlar soni 11,0 foizga yoki 242,6 mingtaga; to‘lov topshiriqnomalari soni 9,3 foizga yoki 429,9 mingtaga; to‘lov talabnomalari soni 16,7 foizga yoki 3,0 mingtaga; inkassa topshiriqnomalari soni 24,1 foizga yoki 78,5 mingtaga oshdi.
2026-yil sentabr oyida ishbilarmonlik faolligi indeksining birja komponenti 1,8765 birlikni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 87,6 foizga oshdi. Bunda har bir bitim bo‘yicha xarid qilingan tovarlarning o‘rtacha hajmi 139,4 foizga, tuzilgan bitimlar soni esa 35,8 foizga ko‘paydi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasida asosiy 34 turdagi tovarlar savdosining umumiy qiymati sentabr oyida 10 229 mlrd. so‘mni tashkil etib, oldingi oyga nisbatan 14,3 foizga oshdi. Birja faolligining o‘sishiga ayrim tovarlar savdosi hajmining keskin ko‘payishi ta’sir ko‘rsatdi.
Xususan, shakar savdosi hajmi avgust oyiga nisbatan 544,7 baravarga, ya’ni 19 tonnadan 10,4 ming tonnagacha oshdi. Sentyabr oyida ushbu hajmning 10,3 ming tonnasi «Angren shakar» MCHJ tomonidan sotilgan.
Shuningdek, sanoat moyi savdosi hajmi 387,4 baravarga, texnik urug‘lar savdosi 4,8 baravarga, ya’ni 15,7 ming tonnadan 75,8 ming tonnagacha ko‘paydi. Metall rux savdosi hajmi 46 foizga, kalsinatsiyalangan soda (natriy karbonat) 42 foizga va ko‘mir savdosi 35 foizga oshdi.
Sentyabr oyida faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bo‘yicha komponent 1,0107 birlikni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 1,1 foizga oshdi. Hisobot davrida barcha turdagi faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar soni 7 ming 269 taga ko‘payib, 554,9 mingtaga yetdi.
Jumladan, yirik tadbirkorlik sub’ektlari soni 32 taga ortib, 4 ming 834 tani tashkil etdi. Kichik korxonalar soni esa 7,2 mingtaga ko‘payib, 459,1 mingtaga yetdi. Mazkur ko‘rsatkichlar sentabr oyida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni o‘sishda davom etganini ko‘rsatadi.
2026-yil sentabr oyida tovar belgilari bo‘yicha komponent 0,9836 birlikni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 1,6 foizga pasaydi. Hisobot davrida yuridik shaxslar tomonidan 480 ta tovar belgisi va tovar nomi ro‘yxatga olindi.
Umumiy qilib aytganda, 2026-yil sentabr oyida O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksining 38,9 foizga o‘sishi, asosan, tovar-xom ashyo birjasidagi faollikning jadallashishi, banklararo to‘lov operatsiyalari sonining ko‘payishi hamda faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar sonining ortishi bilan bog‘liq.
Hududlar kesimida 13 ta hududda ijobiy dinamika kuzatilgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida indeks pasaygan. Tovar belgilari bo‘yicha komponentda ham kamayish qayd etilgan.
Mohigul Qosimova,
O‘zA