Irodasi va matonati urush olovidan baland kelganlar Vatan ravnaqiga kamarbasta bo‘ldi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Insoniyat tarixidagi eng mudhish urush yakunlanganiga sakson bir yil to‘ldi. Shuncha vaqt o‘tdi. Lekin o‘sha suronli yillar olib kelgan mislsiz yo‘qotish va cheksiz iztiroblar hamon unutilgani yo‘q.
Xotira va qadrlash kuni, o‘tganlar ruhi oldida bosh egish, bugungi tinch va osuda kunlarimiz uchun jon fido qilgan ajdodlarimiz jasoratiga ehtirom ko‘rsatishdir. Ayni kunlarda yurtimizda o‘tayotgan tadbirlar xalqimizning o‘tganlarni unutmaslik, tiriklarni e’zozlashdek ezgu qadriyatlarini yanada yaqqol namoyon etmoqda.

Davlatimiz rahbari poytaxtimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda mehnat fronti faxriylari – Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan uchrashdi. Prezident ular bilan dildan suhbatlashdi. Bu ularga qay darajada e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu uchrashuvda yodga olingan xotiralar zamirida butun bir avlodning fojiasi va buyuk irodasi mujassam bo‘ldi.
Urush yillarida O‘zbekiston xalqi jang maydonlarida, front ortida mislsiz qahramonlik ko‘rsatdi. O‘sha davrda yurtimiz aholisi atigi 6 million 800 ming kishini tashkil etganiga qaramay, ularning qariyb 2 millioni frontga safarbar etildi. Bu deyarli har bir oiladan eng suyukli farzandlar, ota-ona va aka-ukalar Vatan himoyasiga otlanganidan dalolat beradi.
Yurtimiz front ortining eng mustahkam ta’minot bazasiga aylanib, jang maydonlariga tinimsiz qurol-yarog‘, kiyim-kechak va oziq-ovqat yetkazib turdi. Shu bilan birga, urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga oldi. O‘zbek oilalari bir burda nonini ular bilan baham ko‘rib, chinakam bag‘rikenglik va insoniylik maktabini yaratdi.
Toshkentlik Akmal ota Akramov ayni paytda 103 yoshda. Uning navqiron yigitlik yillari urushning og‘ir yillariga to‘g‘ri keldi. Dastlab “Tashselmash” zavodida mehnat qilgan yosh Akmal tez orada frontning olovli nuqtalariga yo‘l oldi. To‘rt yil davomida fashist bosqinchilariga qarshi ayovsiz janglarda qatnashib, ne-ne shahar va qishloqlarni ozod etishda mardlik ko‘rsatdi.
– Jangga kirganimizda faqat ortimizda qolgan oilalarimiz, ota-onamiz va Vatanimiz tinchligini o‘ylaganmiz, – deya xotirlaydi otaxon. – Har bir qadamda o‘lim xavf solib tursa-da, g‘alabaga bo‘lgan qat’iy ishonch bizga kuch bag‘ishlardi.
Akmal ota urushdan og‘ir jarohat bilan qaytgan bo‘lsa-da, yaratuvchilik mehnatidan to‘xtamadi. Qariyb oltmish yil davomida qurilish, ta’minot va soliq idoralarida halol xizmat qildi. Nafaqaga chiqqach ham mahallada faol bo‘lib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shdi.
Bugun otaxonning ko‘ksini bezab turgan jangovar ordenlari va “Jasorat” medali ana shu sharafli umr yo‘lining munosib e’tirofidir.
Bekobodlik 100 yoshli Hasanboy ota Xalmatov ham frontga 18 yoshida otlandi. U Ukraina, Polsha va Germaniyani ozod qilish janglarida qatnashib, g‘alabadan keyin ham 1950-yilgacha harbiy xizmatni davom ettirdi.
Jang maydonlarida toblangan iroda urushdan keyingi bunyodkorlik yillarida qo‘l keldi. Otaxon Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda faol qatnashdi, Bekoboddagi sement va g‘isht zavodlari, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi kabi yirik inshootlar qurilishida fidokorona mehnat qildi.
– Tinchlik va ozodlikning bahosini yaxshi bilganimiz bois, urushdan qaytib cho‘llarni o‘zlashtirganimizda, ulkan zavodlar qurganimizda charchoq nimaligini bilmadik, – deydi Hasanboy ota. – Davlatimiz rahbari bilan dildan suhbatlashganimizdan, keksalarga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikdan boshimiz ko‘kka yetdi.
Bugun 6 nafar farzand, 30 nafar nabira va 50 nafar evaraning suyukli bobosi bo‘lgan Hasanboy otaning ko‘ksidagi “Jasorat” medali va I darajali “Mehnat faxriysi” ordeni uning urush va tinchlik davridagi qahramonliklari ramzidir.
Urush jarohatlarini yengib o‘tgan, bunyodkorlik bilan o‘tgan uzoq va mazmunli umr sohiblari bo‘lgan bu tabarruk insonlarning hayoti yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Ularning yurtimiz uchun tinchlik, elimiz uchun omonlik so‘rab qilayotgan duolari hamisha ijobat bo‘aversin.
Ikrom AVVALBOEV,
Nosinjon HAYDAROV (surat),
O‘zA muxbirlari