Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ullari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu tadbirda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim sohasidagi mavjud muammolarni hal etish masalalari muhokama qilindi.
Unda mas’ullar qayd etganidek, bu kabi ochiq muloqotlar tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sohasida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda davlat va biznes o‘rtasidagi samarali hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, sohada mavjud muammolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali hal etish investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan sohada uchrayotgan muammolar, amaliy takliflar va tashabbuslar bildirildi. Shuningdek, ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini kengaytirish hamda talabalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun turar joy binolarini tashkil etish maqsadida yer maydonlari ajratish va imtiyozli kredit liniyalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, moddiy-texnika bazasi eskirgan va uzoq vaqt foydalanilmayotgan davlat ta’lim muassasalari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini tadbirkorlarga ishonchli boshqaruv asosida berish masalalariga urg‘u berildi.
Uchrashuvda nodavlat ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bog‘liq mavjud muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish, talabalar turar joylarini qurish uchun xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqish hamda amaliy choralar ko‘rish uchun tegishli vazirlik va idoralarga yuborilishi ma’lum qilindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA