Iqtisodiy savodxonlikning dastlabki poydevori qayerdan boshlanadi?
Sarf-xarajat qilishda uch narsaga eʼtibor berish kerak: birinchidan ortiqcha kamxarjlik.
Sarf-xarajat qilishda uch narsaga eʼtibor berish kerak: birinchidan ortiqcha kamxarjlik. Bunday odamlar eng zaruriy narsalarni sotib olishi, binobarin turmushning birlamchi moddiy va nomoddiy tovarlariga xarj qilishi lozim. Bunda inson birlamchi va ikkilamchi ehtiyojlarni ajrata bilishi darkor. Ikkinchidan, ortiqcha sarflash. Bunda moddiy boyliklar keragidan ortiq boʻlib, boʻlar-boʻlmasga pul sovuriladi, nooʻrin sarf-xarajat qilish oqibatida mablagʻ isrof boʻladi. Uchinchidan, moʻtadil sarf-xarajatlar, yaʼni ziqnalik ham, isrofgarchilik ham qilmaslik. Aynan birlamchi ehtiyojlarni ilk maktab yoshidanoq ajrata bilishi iqtisodiy savodxonlikning dastlabki poydevoridir. Agar insonning daromadi juda kam boʻlsa, uning xarajatlari eng birinchi navbatda asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanadi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1-oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal isteʼmol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Agar uni maktab darsliklariga kiritmasak xato boʻladi. Aslida “Isteʼmol savatchasi” – muayyan vaqt davomida inson hayoti va uning salomatligini saqlash uchun zarur mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarning eng kam toʻplami. “Isteʼmol savatchasi” eng kam ish haqi va pensiyalar, bazaviy ijtimoiy toʻlovlar, ishsizlik, bolani parvarishlash, boquvchisini yoʻqotganlik nafaqalari, stipendiyalar kabi moddiy ehtiyoj miqdorlarini belgilash uchun hisob-kitobga asos boʻlishi kerak.
Anʼanaga koʻra, “Isteʼmol savatchasi” 3 qism – oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlardan iborat. Nooziq-ovqat tovarlariga kiyim-kechak, poyabzal, birinchi navbatda zarur boʻlgan buyumlar, dori-darmonlar, madaniy-maishiy va xoʻjalik uchun moʻljallangan tovarlar va hokazolar kiradi. Xizmatlar roʻyxatidan esa kommunal, transport xizmatlari, madaniy-maʼrifiy jabhalar oʻrin oladi.
Odatda “Isteʼmol savatchasi” aholining 3 ta asosiy ijtimoiy-demografik guruhi – mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar va bolalar uchun ishlab chiqiladi. Yaʼni aholining turli qatlamlari tirikchiligi uchun zarur eng kam miqdorni belgilashda muayyan davrda isteʼmol savatchasidagi barcha neʼmatlarni isteʼmol qilish normalarini aniqlash zarur. Masalan, oddiy fuqaro normal hayot kechirishi uchun har kuni isteʼmol qilishi kerak boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari toʻplami va miqdorini hisoblash yoki barcha kommunal xarajatlarni qoplashi uchun oyiga qancha summa zarurligi aniqlanadi.
Olimlar tomonidan oʻrtacha talab oʻrganib chiqilib, meʼyoriy oddiy isteʼmol savatchaga 18 xil zaruriy kaloriya beruvchi oziq-ovqat mahsulotlari kiritilgan. Xalqaro sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan maʼqullangan ushbu meʼyor rasman tarqatilgan. Bu meʼyor bir kishi uchun moʻljallangan boʻlib, u minimum ehtiyojlarni qamrab olgan. Bundan murakkabroq isteʼmol savatchalari ham bor, unda koʻproq boshqa zaruriy hayotiy koʻrsatkichlar mujassam. Agar quyida tavsiya qilinayotgan jadvalni oʻquvchi ota-onasi bilan toʻldirsa va narx-navolarni amaldagi joriy narxlar asosida hisoblab chiqilsa, oʻzi uchun ota-onasi bir kunda va bir oyda qancha mahsulot sarflayotganligi ayon boʻladi. Bu yerda joriy oyda ayni mahsulotning bozor narxlari asosida oylik va yillik meʼyorlari hisoblanadi. Masalan, bozorlarda mart oyida guruchning oʻrtacha narxi 8000 soʻm edi. Oylik meʼyor bir kishiga 1,5 kilogramm boʻlsa 8000x1,5=12000 soʻm. Agar mazkur oilada 5 nafar kishi istiqomat qilsa, mos ravishda 12000x5=60000 soʻm bir oyda faqat guruch uchun jamgʻarish lozim. Yillik esa 60000x12=720000 soʻm sarf boʻladi. Narsalarni qadrlash, tejash, uvol qilmaslik, oilaviy boylikka sherik boʻlish va pirovardida butun oilaning yalpi daromadini yana-da koʻpaytirishni ilk kurtaklari shakllanadi. Shu paytgacha oilalarda oʻzini roʻzgʻori uchun, yaʼni shaxsiy ehtiyoji uchun narsalar yaratilgan boʻlsa, endilikda davlatimiz tomonidan berilayotgan ulkan imkoniyatlar, kreditlar oilada sotish uchun, bozor uchun narsalar yaratilmoqda. Muhtaram Prezidentimizning “Odamlar boy boʻlsa davlat boy boʻladi”, degan mashhur iboralarini amalda qoʻllash uchun shunchaki boy boʻlishni orzu havas qilish emas, balki oilalar oʻz imkoniyatlarini hisoblash, chamalash, olingan kreditlarni oʻz oʻrniga faqat ish uchun sarflashni oʻrgatish kerak. Oiladagi barcha tadbirlar - u toʻy, tugʻilgan kun, imorat qurish, remont qilish, oylik zaruriy xarajatlar, kichik tadbirlar boʻladimi, hammasini hisob-kitobi oilaviy, jumladan bolalarni ishtirokida hisoblanib ular bilan muhokama qilinishi kerak. Biz kattalarda “Bola narsa, sen kattalarning ishiga aralashma” deb oilada ulgʻayayotgan bolalarni jarayonlardan chetlatiladi. Kelinlar fikriga esa aksariyat umuman beeʼtibor boʻlinadi. Axir, oilada biz nimaga erishsak, bu boyliklar kelgusida zurriyotlarimiz qoʻliga qoladi. Bola boqib oʻtirgan kelin nahotki shu uydagi oddiy buxgalterlik hisobini qila olmaydi? Albatta qila oladi, faqat unga ishonish kerak, lozim boʻlsa, shunday bilimlarni oʻqitadigan qisqa kurslarda oʻqitilsa, boʻlgani. Oilalarni kundan-kunga farovon boʻlishi kambagʻallikdan qutulishidan eng birinchi navbatda kelinlar manfaatdor. Toʻq, boy uylarda mayda gaplar ham kam boʻladi, hamma ish bilan band boʻladi. Foyda keltirayotgan chaqqon kelinlarga qaynonalar ham eʼtiroz bildirmaydilar. Endilikda xonadonlarga ishlab chiqarish, biznes kirib kelmoqda. Mustaqillik yillarida iqtisodiy bilimlarga oid yuzlab kitoblar yozildi. Ammo ular ichida keng ommaga moʻljallangan, oilaviy iqtisod masalalariga moslangan kitoblar barmoq bilan sanarli. Xalqqa bunday tushunchalarni oddiy, joʻn tilda tushuntirish kerak. Ommaviy axborot vositalarida iqtisodiy bilim asoslarini sodda tilda bayon etuvchi maqolalar, ruknlarni ochish kerak. Bugun yangi sharoitda oilalarning boy boʻlishi, kambagʻallikdan qutulish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib turganda taʼlim-tarbiyada ham taʼlim oluvchilarning iqtisodiy tarbiyasi, ongi, tafakkuri oldingi ustuvor vazifa boʻlishi kerak.
Baxtiyor KARIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi