Iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 23-mart kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Vengriya hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 23-mart kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Vengriya hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sanoat, sarmoya, bank-moliya, fan va texnologiya, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, sayyohlik, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, elektrotexnika kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, komissiya hamraisi Elyor G‘aniyev va boshqalar O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab yo‘nalishlar qatori iqtisodiy sohada ham izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Vengriya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi faol hamkorlaridan. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik, investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish hamda rag‘batlantirish, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik, avtomobilda xalqaro yo‘lovchi va yuk tashishga oid qator hukumatlararo bitimlarga asoslanadi.
Savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy etilgan.
Majlisda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini isloh qilish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish, xususiy mulkning ulushini oshirish, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotgani qayd etildi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmini yanada oshirish va tovarlar nomenklaturasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz savdo, fan va texnika, sayyohlik, sog‘liqni saqlash, xususiy tadbirkorlik kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish borasida katta salohiyatga ega ekani qayd etildi.
Vengriya delegatsiyasi O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat samaralari, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning hamda xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning puxta ishlab chiqilgan mexanizmi, industrial zonalardagi keng imkoniyatlar va imtiyozlar bilan tanishtirildi. O‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
– O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil va barqaror rivojlanmoqda, – dedi Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, komissiya hamraisi Laslo Sabo. – Bunday uchrashuv va tadbirlar mamlakatingizda biznes yuritishning istiqbolli yo‘nalishlari bilan yanada yaqinroq tanishish, o‘zaro fikr va tajriba almashish, yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan muzokara olib borish imkonini beradi.
Majlisda iqtisodiyot, savdo va sayyohlik sohalarida hamkorlikni faollashtirish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, fan, ta’lim kabi sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, sayyohlik infratuzilmasini takomillashtirish yuzasidan fikr almashdi. Ikki mamlakatning ishlab chiqarish subyektlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Vengriya delegatsiyasi a’zolari mamlakatimizning turli vazirlik va idoralarida muzokaralar o‘tkazdi.