Iqtisodiy erkinlashtirish va uning afzalliklari
Iqtisodiy erkinlashtirish, deganda iqtisodiy jarayonlarga davlat aralashuvini cheklash, iqtisodiyot tarkibidagi nodavlat sektorni kengaytirish orqali biznesga ko‘proq erkinlik berilishi tushuniladi.
O‘zbekistondagi bozor islohotlarining yangi bosqichlari haqida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari o‘rinbosari Nodirjon SADRIDDINOV quyidagilarni so‘zlab berdi.
– 2017 yildan buyon bozor islohotlarini chuqurlashtirish yo‘lida qat’iyatli qadamlar qo‘yildi, – deydi N.Sadriddinov. – Natijada narxlarni tartibga solish ko‘lamini qisqartirish, tijorat banklariga kredit siyosatini yuritishda ko‘proq huquq berish, xususiy sektor samarali faoliyat ko‘rsatayotgan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalaridagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni davlat ixtiyoriga yoki boshqaruviga o‘tkazilishining oldini olish borasida zarur choralar ko‘rildi. Bu borada qonunchilik hujjatlari qabul qilindi va ularga o‘zgartirishlar kiritildi. Misol uchun, Soliq kodeksi, bojxona tartibi, yer ajratish siyosati va moliya tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilishga ruxsat berildi.
Shuningdek, tashqi savdoni erkinlashtirish sohasida katta sa’y-harakatlar amalga oshirildi va eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qilindi. Aksariyat eksport qilinadigan tovar va xizmatlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilinib, litsenziyalash va eksport qilish tizimi soddalashtirildi. 60 foizdan ortiq tovarlarga bojxona to‘lovlarining nol stavkasi o‘rnatildi.
2019 yil 25 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Bu bilan xorijiy investorlarning huquqlariga rioya qilish va ularni himoya qilishning davlat kafolati to‘g‘risidagi qoidalar o‘z kuchida qoldirildi. Masalan, chet el investitsiyalari uchun huquqiy rejimning kamsitmaydigan normasi to‘g‘risida band qo‘shildi.
Investitsion muhitni yaxshilash, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uchun yanada qulay sharoitlarni yaratishga intellektual mulk sohasidagi huquqlarni mustahkamlovchi bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Ular zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, tezkor ekspertiza o‘tkazish imkoniyati, intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtini qisqartirish va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Xo‘sh, ayni vaqtda bozor islohotlarini chuqurlashtirish ishlarining natijasi qanday? Avvalo, mamlakatda investitsion muhitning yaxshilanganligini ta’kidlash kerak. Bunda O‘zbekiston pozitsiyalarini iqtisodiy erkinlik indeksida ham, mamlakatning xorijiy investorlar uchun jozibadorligining turli ko‘rsatkichlarida ham yaxshilanganligini ta’kidlash lozim. So‘nggi to‘rt yil ichida mamlakat Meros jamg‘armasining iqtisodiy erkinlik indeksida 52 pog‘onaga, Logistika samaradorligi indeksida 19 pog‘onaga va Jahon bankining Doing Business indeksida 18 pog‘onaga ko‘tarildi.
So‘nggi yillarda investitsion faollik sezilarli darajada oshdi. Agar 2011-2016 yillarda asosiy kapitalga yalpi investitsiya qiymati YAIMning 21-24 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yildan boshlab tez sur’atlarda o‘sishni boshladi va 2017-2020 yillar oralig‘ida yillik o‘rtacha 35,5 foizni tashkil etdi.
Xorijiy kapital ishtirokidagi firmalar soni O‘zbekistonda 2015 yilda 5000 ga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 7500 dan oshdi. Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya va Kanadadan tobora ko‘proq xorijiy investitsiyalar jalb qilinmoqda. Energetika va tog‘-kon sanoati bilan bir qatorda savdo, qurilish va turizm kabi sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi qayd etildi.
Tadbirkorlikni keng qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar taqdim etildi. 2020 yilda tadbirkorlik sub’ektlariga 100 trillion so‘m miqdorida kredit ajratildi. Bu 2016 yilga nisbatan deyarli 4 baravar ko‘pdir.
Qayd etish kerakki, Jahon banki yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni mamnuniyat bilan qabul qildi va «The Economist» O‘zbekistonni 2019 yilda eng katta yutuqlarga erishgan mamlakat, deb nomladi. Ko‘p o‘tmay, Jahon bankining «Biznesni yuritish-2020» hisobotida mamlakat ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida eng ko‘p yutuqlarni namoyish etgan 20 mamlakat qatoriga kirdi.
Sayyora SHOEVA
yozib oldi.