Iqtidorli yoshlarga e’tibor kuchaymoqda
Jizzax viloyatining Forish tumanida yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, o‘qitish, bandligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tuman markazida tashkil etilgan kasb-hunar maktabida ayni paytda 238 nafar yosh yigit-qizga 6 yo‘nalish bo‘yicha nazariy va amaliy bilim berilmoqda.
Jumladan kasb-hunar maktabida yoshlarga avtomobil dvigatellarini ta’mirlash, raqamli axborotlarni qayta ishlash, yakka tartibdagi bichuvchi-tikuvchilik, elektromontyorlik, sement tayyorlash mashina va jihozlari operatorligi, o‘simliklar himoyasi laboratoriyasi laborantligi kabi kasblarga o‘qitilmoqda.

Bu yerda iqtidorli yoshlarning yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– O‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan yoshlarni o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib olishi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan mikrokredit mablag‘lari ajratishni ham rejalashtirganmiz, – deydi tuman hokimi Ikrom Matiyev. – Aholining turmush darajasini yaxshilash, yoshlarimizni, ayniqsa, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka keng jalb etish doimiy diqqat markazimizda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA