Iqtidorli o‘quvchilar uchun sinov maydoni
Nukus shahridagi I.Yusupov nomli ijod maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Ijod yoshlari” respublika tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda yoshlarning iste’dodi va qobiliyatini har tomonlama rivojlantirish, ularning ilm-fanni egallashga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini ro‘yobga chiqarish, uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu jumladan, ijod maktablarida o‘quvchi yoshlarga buyuk ajdodlarimiz va adiblarimizning boy ijodiy merosini o‘rgatish, ularni munosib voris etib tarbiyalashga yo‘naltirilgan kompleks o‘quv-tarbiya jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-23274]
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 1 apreldagi “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan respublika tanlovining asosiy maqsadi, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 4-, 5-, 6-sinflarida ta’lim olayotgan yosh ijodkor o‘quvchilarni aniqlash, ularning ijodiy qobiliyatlarini yanada rivojlantirish, nazm, nasr, badiiy publitsistika, adabiyotshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha iste’dod va qiziqishlarini yanada oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tanlovning dastlabki bosqichiga Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 668 nafar o‘quvchi hujjat topshirgan. Shundan ikkinchi bosqichga 59 nafari yo‘llanma oldi.
Tanlovning ushbu bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan 6-sinf o‘quvchilari yangi o‘quv yilidan I.Yusupov nomidagi ijod maktabiga belgilangan qabul parametrlari doirasida imtihonsiz qabul qilinadi. Shuningdek, 1-, 2-, 3-o‘rinlarga sazovor bo‘lgan 4-, 5-sinf o‘quvchilari kelgusi yilda mazkur tanlovning ikkinchi bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.