Iqtidor, tashabbus va imkoniyat: yoshlar bilan barpo etilayotgan yangi davr
Munosabat
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri – inson kapitaliga sarmoya kiritish, ayniqsa, yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi, o‘z iqtidorini namoyon qilishi va jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iborat. Bu borada mamlakatimizda so‘nggi yillarda shakllangan davlat siyosati bugun aniq natijalar berayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yoshlar masalasi faqat bitta idora yoki tashkilotning vazifasi emas. Bu – mamlakat kelajagi, millat taqdiri va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan umummilliy vazifadir. Shu bois ham keyingi yillarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim shakllantirildi.

Buning amaliy natijasi sifatida bilim olish, kasb-hunar egallash, til o‘rganish, ish topish yoki tadbirkorlikni boshlashda qiyinchilikka duch kelgan 1,5 million nafar yoshning muammosi “Yoshlar daftari” orqali hal etildi. Bu raqam ortida minglab taqdirlar, yuz minglab orzu-umidlar va o‘z hayotini yangidan boshlagan yoshlar turibdi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Yaratilgan qulay biznes muhiti, imtiyozli moliyaviy resurslar va davlat qo‘llab-quvvatlovi natijasida yosh tadbirkorlar soni besh barobar oshib, 287 ming nafardan ziyodga yetdi. Bugun ular nafaqat o‘zini ish bilan ta’minlamoqda, balki yangi ish o‘rinlari yaratib, mamlakat iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yillik aylanmasi 500 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan yosh tadbirkorlar soni 15 nafarga, 100 milliard so‘mdan oshganlari 194 nafarga, 50 milliard so‘mlik marradan o‘tganlari esa 68 nafarga yetdi. Bu raqamlar mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligi yangi bosqichga ko‘tarilganining yaqqol isbotidir.
Ilm-fan va ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ta’lim markazlari faoliyatini kengaytirish uchun yaratilgan imkoniyatlar tufayli 3,5 million nafar yosh xorijiy tillarni chuqur o‘rganmoqda. Bu esa ularning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish va dunyo bilan hamqadam bo‘lishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz o‘quvchilari va talabalari xalqaro fan olimpiadalarida 434 ta medalni, sportchilarimiz esa 2245 ta medalni qo‘lga kiritgani yoshlar salohiyatining yuksak darajada ekanini ko‘rsatadi. Bu yutuqlar tasodif emas, balki tizimli islohotlar samarasidir.
Ushbu yutuqlarni yanada tizimli amalga oshirish uchun mutlaqo yangi mexanizm – “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. Ushbu raqamli tizim orqali har bir yosh o‘z yutuqlari, tashabbuslari va faoliyatini elektron tarzda shakllantirib boradi. To‘plangan ballar asosida ta’lim grantlari, kontrakt to‘lovlariga chegirmalar, “kasb vaucheri”, xorijda o‘qish xarajatlarini qoplash, imtiyozli kreditlar, xorijiy stajirovkalar, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kiritish hamda imtiyozli ipoteka imkoniyatlari taqdim etiladi. Bu esa yoshlarning intilishini yanada kuchaytiruvchi adolatli baholash tizimiga aylanadi.
Bugun zamonaviy taraqqiyotning asosiy drayveri hisoblangan raqamli texnologiyalar sohasi ham davlat siyosati markazida turibdi. Mamlakatimizda birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi va kelgusi yil uning quvvati uch barobarga oshiriladi. Joriy yilning o‘zida 20 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Yoshlar ushbu imkoniyatlardan mutlaqo bepul foydalanib, ilmiy va amaliy loyihalarini amalga oshiradi.
Prezident tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus – “1000 ta muammoga – yoshlardan 1000 ta yechim” loyihasidir. Endi har bir vazirlik va hudud rahbarlari o‘z tizimidagi dolzarb muammolarni ochiq platformaga joylashtirib, eng yaxshi yechim taklif qilgan yoshlarni rag‘batlantiradi. Bu maqsad uchun har bir vazir va hokim tomonidan kamida 10 milliard so‘mlik venchur jamg‘armasi tashkil etiladi.
Startaplar sohasida ham mamlakatimizda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Keyingi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshdi. Venchur jamg‘armalari soni 23 taga, ularning umumiy kapitali esa 200 million dollarga yetdi. Bu davrda 1200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalari yaratildi. Xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning “Global Startup Index” reytingida 31 pog‘ona yuqorilab, dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimlaridan biri sifatida e’tirof etilgani ham ana shu islohotlarning xalqaro tan olinishidir.
Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash maqsadida yangi o‘quv yilidan boshlab “Muhammad al-Xorazmiy” davlat stipendiyasi hamda qizlar uchun “Muhandis qizlar” stipendiyalari ta’sis etiladi.
Yoshlar ma’naviyati va milliy g‘oyani mustahkamlash masalasi ham Prezident nutqining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Bugun raqamli makonda o‘sib kelayotgan avlod qalbida milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat va xalqqa sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash dolzarb vazifaga aylanmoqda. Shu maqsadda mamlakatimizda milliy ruhdagi kompyuter va mobil o‘yinlar yaratish uchun davlat buyurtmalari joriy qilinishi, har yili kamida 20 ta milliy mazmundagi raqamli mahsulot ishlab chiqilishi belgilandi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Vatan mehri – ijtimoiy tashabbuslar” tanlovi hamda ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi bolalar bilan ishlashga qaratilgan “Qanot” loyihasi amalga oshiriladi. Bu tashabbuslar orqali yoshlar sport, san’at, ta’lim va kasb-hunarga keng jalb qilinib, huquqbuzarliklarning oldi olinadi.
Eng muhimi, davlat rahbarining yoshlarga bo‘lgan ishonchi har bir tashabbusda, har bir qabul qilinayotgan qarorda o‘z ifodasini topmoqda. Bugungi kunda yaratilayotgan imkoniyatlar faqat bugunning emas, balki ertangi Yangi O‘zbekistonning intellektual va iqtisodiy poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xususan, uchinchi Renessansni barpo etish haqida so‘z ketganda, eng katta boylik yer osti yoki yer usti resurslari emas, balki bilimli, fidoyi va tashabbuskor insonlar ekani yana bir bor namoyon bo‘lmoqda. Ana shunday insonlar safida yurtimizning millionlab yoshlari bor. Ularning har biriga ishonch bildirish, iqtidorini qo‘llab-quvvatlash va orzularini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng mustahkam kafolatidir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA