Iqlim inqirozi "Parmezan"ni xavf ostiga qo‘ydi
“Biz "Parmezan"ni yeydigan oxirgi avlod bo‘lib qolishni istamaymiz”. Italiyaning mashhur “GranTerre” oziq-ovqat kompaniyasi vakili Paolo Ganserlining bu so‘zlari mamlakatdagi iqlim inqirozining qanchalik jiddiy tus olganini ko‘rsatadi. Sakkiz asrdan buyon tayyorlanib kelayotgan "Parmigiano Reggiano" (Parmezan) pishlog‘i endi ekstremal issiqlik sinoviga duch kelmoqda.
Italiyaning Emiliya-Romanya viloyatida harorat 40 darajadan oshib ketgani sabab fermerlar molxonalar eshik-romlarini kechayu kunduz ochiq qoldirmoqda. Ventilyatorlar va suv purkagichlar tinimsiz ishlayapti. Jaziramada sigirlar kamroq yem yeydi, kamroq sut beradi va sut sifati ham pasayadi. Bu esa “Parmezan” ishlab chiqarish zanjirining eng muhim bo‘g‘iniga zarba beradi.
Muammo faqat fermalar bilan cheklanmaydi. Tayyor pishloq bir necha yil yetiladigan omborxonalarda ham sovitish tizimlari to‘liq quvvatda ishlamoqda. Eng issiq kunlarda elektr energiyasi sarfi qariyb 30 foizga oshgan. Qurg‘oqchilik esa sigirlar uchun o‘t va pichan yetishtirishni tobora qiyinlashtirmoqda.

Yillik aylanmasi 4,5 milliard yevroni tashkil etadigan “Parmezan” Italiyaning eng mashhur gastronomik ramzlaridan biri hisoblanadi. Agar ekstremal issiqliklar tez-tez takrorlansa, mutaxassislar nafaqat ishlab chiqarish hajmi, balki asrlar davomida saqlanib kelgan mahsulot sifati ham xavf ostida qolishidan xavotir bildirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA