Ipoteka bankning sobiq xodimi kirdikorlari
U 98 ta ijro hujjatlari bo‘yicha fuqarolarga qarzdorliklari to‘langani to‘g‘risida soxta kvitansiyalarni taqdim qildi
Buxoro viloyatining huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ATIB “Ipoteka bank” Buxoro viloyati filiali kassa shohobchasi kassiri fuqaro N.H. 98 ta ijro hujjatlari bo‘yicha fuqarolarga qarzdorliklari to‘langani to‘g‘risida soxta kvitansiyalarni taqdim qilgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni bank xodimining fuqarolarning 20,1 million so‘m mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA