Investorga ko‘mak – yurt ravnaqiga ko‘mak
Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumani hududidagi 85 gektar maydonda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollari va quvvati 1500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda.
Mazkur loyiha eng zamonaviy va murakkab texnologiyalarni o‘z ichiga olib, O‘zbekistondagi birinchi yirik mustaqil elektr energiyasi loyihasi hisoblanadi. Qurilish ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, turli funksiyalarni bajarish uchun yuqori malakali va tajribali xodimlar talab etiladi. Hozirda mahalliy ishchilardan tashqari, Xitoy, Turkiya, Misr, Hindiston, Pokiston, Buyuk Britaniya, Filippin, Ispaniya va boshqa mamlakatlardan malakali mutaxassislar jalb etilgan.
Yaqinda stansiyaga Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 525 tonnalik dunyodagi eng zamonaviy va energiya tejamkor gaz quvurlari olib kelindi.
Loyihani amalga oshirishning galdagi bosqichlari uchun maxsus malakaga ega, tajribali mutaxassislarga ehtiyoj seziladi.
Viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Murod Muhammadiyev va boshqarmaning Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Muhammadi Abdurahmonov “ACWA Power Sirdaryo” MCHJ mas’ullari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida amalga oshirilayotgan loyiha samaradorligi, qurilish ishlarini jadallashtirish uchun xodim va ishchi kuchini jalb qilish, shuningdek, maxsus malaka va tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni olib kelish masalasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi. Buning natijasida yurtimizga zamonaviy texnologiyalarni olib kelib, ulardan foydalanishda mahalliy kadrlarni tayyorlash imkoniyati kengayadi.
– Mamlakatimizda investitsiyaviy muhitning yaxshilanishi eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalardan unumli foydalanishni taqozo etadi, – deydi “ACWA Power Sirdaryo” MCHJ direktori o‘rinbosari Alimardon Abdukarimov. – Bandlik boshqarmasi bilan doimiy hamkorlikda xorij tajribasini yurtimizda tatbiq etishga erishyapmiz. Hozirda Shirin energetika kollejida ishlab chiqarishda faol ishtirok etadigan kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yganmiz.
Sh.Suyarov, O‘zA