Investor, tadbirkorga kafolatlangan sharoit kerak (+Audio)
Ayni paytda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muhokamalari davom ettirilib, uni yanada takomillashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida mulk huquqini ta’minlash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida moddalarda nazarda tutilmoqda. Parlament quyi palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov bu boradagi normalar xususida so‘zlab berdi:
— Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan partiyamizning elektorati vakillari bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlardan ko‘plab takliflar kelib tushdi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, aholini ishsizlikdan himoya qilish, ishbilarmonlik muhitini yaratish bo‘yicha davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturida berilgan ko‘plab takliflar yangilanayotgan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan.

Birinchi navbatda mulk huquqini ta’minlash masalasi Konstitutsiyaviy loyihaning 36- va 53-moddalarida o‘z aksini topgan. Raqobat muhitini shakllantirish, monopol faoliyatni cheklash masalalariga katta e’tibor qaratilyapti. Investitsiyaviy muhitni ta’minlashga davlat tomonidan e’tibor qaratilishi belgilanmoqda.
Yaqinda Prezidentimizning Fransiyaga davlat tashrifi davomida 6 milliard yevrolik shartnomalar imzolandi. Ammo investorlarga muhit, sharoit kerak. Mana shu masala Konstitutsiya darajasida kafolatlanishi nafaqat tashqi investorlar, balki mahalliy investorlarga ham imkon beradi.
Bugun jamiyatimizda mulk xilma-xilligi ta’minlanmoqda. 1,5 milliondan ortiq tadbirkorlar, ishbilarmonlar sinfi shakllandi. Bu o‘rta sinf jamiyatimizni ko‘taradigan qatlam hisoblanadi. Shu bois ham eng avvalo, tadbirkorlarimizning erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish, ularning huquqlari to‘liq himoyalanishi, davlat idoralari bilan munosabatlari tubdan o‘zgarishi Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topayapti, — dedi A.Haitov.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub’ektlariga shart-sharoitlar yaratish, mulk daxlsizligini himoya qilish kabi ustuvor masalalar Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilayotgani alohida ahamiyatga ega. Bu, o‘z navbatida, yurtimizda ishbilarmonlik muhitining yanada rivojlanishiga hamda iqtisodiy taraqqiyotimizga zamin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
Yoqub Meliboyev (audio), O‘zA