Intizom bor joyda xavfsizlik mustahkamlanadi
Zominda xizmat intizomi, qonuniylik va kasbga sadoqat masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlarining mas’uliyati yana bir bor kun tartibining markaziga chiqarildi. Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Markaziy apparati mas’ullari, Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati hamda Zomin tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, favqulodda vaziyatlar tizimida xizmat qilish — oddiy kasb emas, avvalo, inson hayoti va jamoat xavfsizligi uchun yuksak mas’uliyatni zimmaga olishdir. Shu bois har bir xodimdan xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, qonun talablariga og‘ishmay amal qilish, har qanday vaziyatda hushyorlik va kasbiy tayyorgarlikni namoyon etish talab etiladi.
Yig‘ilishda xizmat intizomiga rioya etish bilan bir qatorda, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoada sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, favqulodda vaziyatlar bilan kurashishda bir lahzalik beparvolikning o‘zi og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda intizom — bu faqat xizmat talabi emas, balki inson hayotini asrashga qaratilgan muhim mezondir.


Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham bu talablarning amaliy ifodasi sifatida korrupsiyaning oldini olish, xodimlarning huquqiy va kasbiy madaniyatini yuksaltirish, xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu borada profilaktikaga ustuvor ahamiyat berilib, har bir xodimning o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishi, xizmat vakolatlaridan faqat qonun doirasida foydalanishi zarurligi muntazam tushuntirilmoqda.
Yig‘ilishdagi muloqotlar shu jihatdan ahamiyatliki, unda intizom masalasi faqat jazo yoki nazorat nuqtai nazaridan emas, balki kasbga sadoqat, xalq ishonchi va inson taqdiri uchun daxldor mas’uliyat sifatida talqin etildi. Chunki qutqaruvchi uchun xizmat intizomi — og‘ir va mas’uliyatli daqiqalarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, o‘zini emas, avvalo, boshqalar hayotini o‘ylash demakdir.

Tadbir doirasida Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlar xotirasini yod etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida hayotdan bevaqt ko‘z yumgan xodim Oybek Rashidovning xonadoniga tashrif buyurilib, marhumning yaqinlari holidan xabar olindi.
Samimiy suhbat asnosida Oybek Rashidovning Vatan va xalq xavfsizligi yo‘lidagi fidokorona xizmati, jasorati va kasbga sadoqati yodga olindi. Yaqinlariga ehtirom va hamdardlik bildirildi.

Qahramonlarni xotirlash — o‘tmishga nazar tashlashgina emas. Bu bugungi avlodga mas’uliyatni eslatish, ezgu an’analarni davom ettirish, Vatan oldidagi burchni yanada chuqur his etishdir. Zominda o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda ham xizmat intizomi va qahramonlar xotirasi bir-biriga uyg‘un tushdi: biri bugungi kun mas’uliyatini belgilasa, ikkinchisi kasb sharafini asrab-avaylashga undaydi.
Zero, el osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan har bir xodimning jasorati, intizomi va sadoqati ortida inson taqdiri, oila tinchligi va yurt xotirjamligi mujassam. Qahramonlar xotirasi esa ana shu muqaddas mas’uliyatni avloddan-avlodga yetkazib turadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri