Intilgan inson, albatta, maqsadiga erishadi (+video)
O‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or va ijodkor o‘qituvchilarni aniqlash hamda ularning tajribasini ommalashtirish maqsadida o‘tkazilayotgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining bu yilgi natijalari e’lon qilindi. Respublikamiz bo‘yicha 208 nafar pedagog – har bir tuman va shahardan bir nafardan o‘qituvchi g‘olib bo‘ldi va ular bazaviy hisoblashning 1400 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishi aytildi.
Samarqand viloyatidan e’tirof etilgan 16 nafar fidoyi pedagoglar qatorida Jomboy tumanidagi 23-umumta’lim maktabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Nigora Amirova ham bor.
– Bir kitobda faqat oldinga harakat qilib, intilgan inson albatta, maqsadiga erishadi, degan gapni o‘qigandim, – deydi Nigora Amirova. – “Yil o‘qituvchisi” tanlovi jarayonida bunga yana bir bor amin bo‘ldim. To‘g‘risini aytsam, men pedagoglarga beriladigan 70 foizlik ustama olish uchun attestatsiyaga borib, shu tanlov ishtirokchisiga aylandim. Oliy toifali o‘qituvchiman, 25 yillik tajribam bor, imkoniyat yaratilgan ekan, ustama uchun harakat qilib ko‘ray, deb imtihon topshirgandim, 94 ball olibman. 2025-yil avgust–dekabr oylaridagi malaka sinovlari natijalari “Yil o‘qituvchisi” tanlovining birinchi bosqichiga integratsiya qilingan ekan. Yuqori ball olganim uchun menga tanlovda qatnashasiz, degan xabar keldi. Keyin tanlov nizomi bilan tanishib chiqdim, qanday shartlar borligiga qiziqdim. Hammasi kundalik bajarib yurgan ishlarimiz, pedagogik faoliyatimiz bilan bog‘liq shartlar, faqat ozgina hafsala bilan, sidqidildan ishlash kerak ekan, xolos. Barcha jarayonlarga nizom asosida puxta tayyorgarlik ko‘rdim, o‘qidim, izlandim. Ikkinchi bosqichda ishtirokchilar boshqa maktabda o‘quvchilarga bir soat dars mashg‘uloti o‘tishi kerak edi. Avvaliga biroz cho‘chidim, chunki begona bolalar qanday qabul qiladi, ularning qiziqishi, darsga munosabatini bilmayman. Lekin sinfxonasiga kirganingizda fikr-xayolingiz faqat ta’lim bilan bo‘lsa, o‘quvchilarni darsga qiziqtira olsangiz, bolalar sizni yaxshi qabul qilishiga shu yerda yana bir bor ishonch hosil qildim. Bolalar juda yaxshi qabul qildi va o‘z o‘quvchilarimga saboq bergandek, dars o‘tdim. Jarayon to‘liq videotasvirga olinib, hakamlar va pedagoglar tomonidan baholandi. Bu bosqichdan ham muvaffaqiyatli o‘tgach, bizga test topshirish uchun o‘qishimiz kerak bo‘lgan kitoblar ro‘yxati berildi. So‘zimning boshida aytgan gapni shu kitoblar orasidagi asarda qayta o‘qib, endi yakuniy bosqichda ham faol ishtirok etib, g‘olib bo‘lishga ahd qildim. Testni muvaffaqiyatli topshirdim, sinfdan tashqari ishlar bo‘yicha taqdimot qildim va hammasi ko‘ngildagidek o‘tib, g‘olib bo‘ldim, maqsadimga erishdim.
Nigora Amirova Jomboy tumanida, ziyoli oilada tug‘ilib o‘sgan. Tuman markazidagi 23-maktabda ta’lim olgan va ota-onasining tavsiyasi bilan Samarqand davlat universitetining pedagogik fakultetida o‘qigan. 2001-yilda o‘zi tahsil olgan maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga kelgan va shundan buyon ushbu dargohda boshlang‘ich sinflarga saboq berib kelmoqda. Turmush o‘rtog‘i bilan uch nafar farzandni voyaga yetkazmoqda.
– 25 yillik faoliyatim davomida bir necha yillar oldin o‘tkazilgan “Ochiq darslar festivali”da qatnashganman, – deydi Nigora Amirova. – Tumanda birinchi o‘rinni egallagandim, ammo viloyat bosqichiga bormaganman. Sababi viloyatda o‘rin olish uchun tanishingiz bormi, xarajat qilishga rozimisiz, degan gaplarni eshitganimdan so‘ng, keyingi bosqichga borishni istamaganman. Shunday gap-so‘zlar, nohaqliklarni eshitib, keyinchalik umuman tanlovlarda qatnashmadim. “Yil o‘qituvchisi” tanloviga esa attestatsiyada qo‘lga kiritgan yuqori ballim uchun tavsiya etilganim, qolaversa, bugun ta’lim tizimi tubdan o‘zgarib, o‘qituvchining qadr-qimmati oshgani tufayli qatnashdim. Tanlov natijalari e’lon qilingach, mendan ko‘pchilik hamkasblarim “qanday qilib g‘olib bo‘ldingiz”, “tanish-bilishchilik bo‘ldimi?”, “rostdan ham shuncha katta pul mukofoti berishadimi?” deb so‘rashdi. Albatta, ularga tanlovning shaffof va adolatli ekanligini, hammasi o‘qituvchining bilimi, salohiyatiga bog‘liqligini, yaxshi tayyorgarlik ko‘rish kerakligini aytyapman. Pul mukofoti ham tanlov nizomida belgilab qo‘yilgan, albatta beriladi. Rostdan ham o‘z ishini yaxshi bilgan, yangi dars uslublarini o‘zlashtirgan va o‘quvchilarga mehrini bera olgan har qanday o‘qituvchi “Yil o‘qituvchisi” bo‘lishi, katta mukofot puliga sazovor bo‘lishi mumkin. Buning barchasi, avvalo, yurtimiz ta’limi tizimidagi o‘zgarishlar natijasi, Prezidentimizning maktabga, o‘qituvchilarga bo‘lgan juda katta e’tibori samarasi.
[gallery-31642]
Lekin kechagi kunlar ham yodimizdan chiqqan emas. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, ro‘zg‘orning kamini to‘ldirishga yetmaydigan maoshimizni ham 3-4 oylab ololmaganmiz. Oylik o‘rniga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgan paytlar bo‘lgandi. Shuning uchun bir necha yil oldin Prezidentimiz o‘qituvchilar 1000 dollar maosh oladigan bo‘ladi, deganlarida o‘zimiz ham ishonmaganmiz. Shukr, bugun 1000 dollardan ko‘p maosh olyapmiz. Bilimli, izlanish va intilishdan to‘xtamaydigan o‘qituvchilar uchun oylik maoshga qo‘shimcha turli xil ustamalar, mukofot pullari bor, vazir jamg‘armasi, direktor jamg‘armasidan mablag‘lar beriladi. O‘quvchingiz olimpiada va tanlovlarda g‘olib bo‘lsa ham mukofot pullari olasiz. “Yil o‘qituvchisi” tanlovi mukofoti 50 ming dollar atrofida. O‘n yil oldin buni orzu ham qilib bo‘lmasdi-ku. Nasib etsa, bu pulga Toshkent shahridan xonadon sotib olmoqchiman. Men bugun o‘qituvchi bo‘lishimni istab, shu sohaga yo‘naltirgan ota-onamdan, og‘ir vaziyatlarda ham meni qo‘llab-quvvatlab, o‘zimga ishonchimni oshirgan oila a’zolarimdan, o‘z tajribalarini o‘rgatgan ustozlarim va yonimdagi hamkasblarimdan minnatdorman.
Maktab direktori o‘rinbosari Baxtiyor To‘rayevning qayd etishicha, Nigora Amirovaning “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lishi muassasadagi boshqa o‘qituvchilarda ham havas uyg‘otdi va ularda mazkur tanlovda qatnashish uchun hozirdan tayyorgarlikni boshlab yuborgan.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video, surat),
O‘zA muxbirlari