Internet tezligi past, narxlar esa qimmat
Yurtimiz boʻyicha 237 ta obyektda magistral telekommunikatsiya tarmoqlari kengaytirilib, telekommunikatsiya uskunalari modernizatsiya qilindi
Soʻnggi ikki yilda amalga oshirilgan ishlar tahliliga nazar soladigan boʻlsak, mamlakatimizda zamonaviy elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro hamkorligining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borildi.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirda yurtimizda beshta mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi hamda 30 dan ortiq simli tarmoqlar orqali telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi operator va provayderlar faoliyat yuritmoqda.
– Hozirda mobil aloqa tarmoqlari abonentlari 24 million boʻlsa, shundan 19 milliontasi internet foydalanuvchilari hisoblanadi, –deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov. – 2020-yilning 1-yanvaridan operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirildi. Bozor iqtisodiyoti talablariga koʻra, tizimli ravishda internet xizmatlari narxlari kamaytirilib borilmoqda.
Yurtimiz boʻyicha 237 ta obyektda magistral telekommunikatsiya tarmoqlari kengaytirilib, telekommunikatsiya uskunalari modernizatsiya qilindi. “Optik tolali aloqa liniyalarini qurish” loyihasi doirasida 16,0 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilib, umumiy uzunligi 36,6 ming km. ga yetkazildi.
Internet tarmogʻiga keng polosali simli ulanishni kengaytirish loyihasi bajarildi. Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 6 000 ortiq mobil aloqa baza stansiyasi oʻrnatilib, ularning umumiy soni 26 mingtadan ortdi. Bu esa aholini mobil aloqa bilan taʼminlashni 97 foizga, mobil internet tarmogʻiga keng polosali ulanish qamrovini esa 70 foizga yetkazishda qoʻl keldi.
Shu kunga qadar asosan telefon xizmatlarini koʻrsatuvchi 2G mobil tarmoqlarni kengaytirish amalga oshirilgan boʻlsa, hozirda tarmoqning qamrovini oshirish boʻyicha barcha loyihalar 3G/4G tarmoqlarini kengaytirishga yoʻnaltirilmoqda. Shu yilning oʻzida 2200 dan ortiq 3G/4G baza stansiyalari oʻrnatilib ishga tushiriladi.
Internet tezligi boʻyicha 2020-yil mart oyi natijalariga koʻra SpeedtestGlobalIndexreytingida Oʻzbekiston yana 7 pogʻonaga koʻtarilib, internet tezligi boʻyicha reytingda 176 davlat orasida 95-pogʻonani egallab turibdi.
Ayni kunlarda ham karantinda qolgan yurtdoshlarimizni oxirgi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida telekommunikatsiya operatorlari abonentlariga eng koʻp oʻqiydigan ommaviy axborot vositalarining manbalaridan bepul foydalanish imkoni taqdim etildi. Bir qator xorijiy telekanallar ochiq rejimda (kodlanmagan holda bepul) vaqtincha tarqatilishi taʼminlanmoqda.
Bu kabi talabning ortib borishi esa, albatta internet tezligiga taʼsir qilishi shubhasiz. Shu bois uning tezligi past degan fikrlar aytilmoqda.