Insulin ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi
Tibbiyot yutuqlari
Tibbiyot sohasida xorijiy davlatlar bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Rossiyaning “GEROFARM” va mamlakatimizning “ZUMA PHARMA” kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan yurtimizda analog va inson insulinini ishlab chiqarish texnologiyasini joriy qilish to‘g‘risidagi Bitim bemorlar hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, mazkur hamkorlik dori vositalarini kooperatsiya asosida ishlab chiqarish import mustaqilligiga erishish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu hujjat doirasida Rossiya kompaniyasi insulin analoglari – glargin, lispro va ikki fazali lisproning biosimilyarlarini shprits qalamlari va kartridj shaklida ishlab chiqarish texnologiyasini o‘zbekistonlik hamkorlariga yetkazib beradi. Bundan tashqari, qisqa va o‘rta ta’sirli inson insulinlari hamda ikki fazali kombinatsiyalangan preparatni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda 2023 yil davomida O‘zbekistonning “ZUMA PHARMA” kompaniyasida ishlab chiqarishni texnik jihatdan qayta jihozlash ishlari amalga oshiriladi va texnologiyalar yetkazilib o‘rnatilishi, transferi yo‘lga qo‘yiladi.
Rossiyaning “GEROFARM” kompaniyasi O‘zbekiston kompaniyasiga biosimilar ishlab chikarish texnologiyasining quyish, qadoqlash va sifatni nazorat qilish bosqichlarini taqdim etadi. Shu bilan birga, ushbu hamkor korxona qo‘shma mahsulot ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan faol farmatsevtik ingrediyentlarni, bir martalik shprits qalamini yig‘ish uchun zarur komponentlarni, shuningdek, qayta ishlatiladigan shprits qalamlarini yetkazib berishni davom ettiradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA