Institutning yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi
Termiz davlat pedagogika institutining 1 ming 500 o‘ringa ega yangi o‘quv binosini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, mahalliy hokimlik mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovalar Prezidentimiz g‘oyasi bilan keyingi yillarda ta’lim tizimini rivojlantirib, yosh avlodning bilim olishi, ilm-fan sirlarini chuqur egallab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlar bo‘lib yetishi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi haqida so‘z yuritdi.
Qayd etildiki, bundan 7-8 yil avval viloyatdagi atigi bitta oliy ta’lim muassasasida 6 mingga yaqin talaba tahsil olgan bo‘lsa, bugun vohadagi 5 ta davlat, 2 ta xususiy oliy ta’lim dargohida 60 mingdan ortiq yigit-qiz o‘zlari tanlagan kasb sirlarini o‘rganayotir. Viloyatda mingdan ortiq maktabgacha ta’lim tashkiloti, 800 dan ziyod umumta’lim va kasb-hunar maktabi, akademik litsey faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, viloyatda pedagogik kadrlarni tayyorlashda Termiz davlat pedagogika instituti yirik ilmiy-ta’lim markaziga aylanmoqda. Jumladan, o‘tgan yil institutni tugatgan 1 ming 81 nafar talaba vohadagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘qituvchi hamda tarbiyachilarga bo‘lgan ehtiyojini ancha chekintirdi. Ta’lim dargohlari yosh, salohiyatli pedagog kadrlar bilan boyidi.
Ayni paytda institutda 10 ming 870 dan ortiq yigit-qiz 22 mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olmoqda. Ularga barcha zamonaviy sharoitlarga ega auditoriya va laboratoriyalarda 260 dan ziyod professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.
“Termiz tezkor qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari barpo etgan zamonaviy bino Yangi O‘zbekiston massivi hududida qad rostladi. Loyiha qiymati 52 milliard so‘mlik salobatli o‘quv binosi o‘zida zamonaviy arxitektura loyihalarining barcha namunalarini mujassam etgan. Talabalarning sifatli ta’lim olib, kasb sirlarini mukammal egallashi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun yetarli zamonaviy sharoit yaratilgan. O‘quv va laboratoriya xonalari, kutubxona, oshxona, yotoqxona, sport mashg‘ulotlari xonalari qurilib, jihozlangan.
[gallery-28428]
Tadbir doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri professor-o‘qituvchilar va talabalar ochiq muloqot o‘tkazdi. Bo‘lajak pedagoglarni tayyorlash, ularning bilim va malakasini doimiy oshirib borish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi. Taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov
JonibekQo‘zimurodov (surat), O‘zA