Institutga zamonaviy uskunalar topshirildi
Shu kunlarda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimni rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shunday ishlarning amaliyoti sifatida baliq yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga zamonaviy anjom va asbob-uskunalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mas’ullari va institut mutaxassislari qatnashdi.

So‘zga chiqqanlar baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish, baliq mahsulotlarini ko‘paytirish, eksport salohiyatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, baliq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlarni ommalashtirish aholining mazkur mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi.

Taqdim etilgan asbob-uskunalar baliqchilik xo‘jaliklaridagi suvning sifati va energiya samaradorligini oshirish orqali baliqlarning yashashiga sharoit yaratadi.

Ayni kunlarda mazkur ilmiy muassasa olimlari tomonidan ko‘plab loyihalar amalga oshirmoqda. Turli ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari va xalqaro institutlar bilan ham o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Olimlar tomonidan yaratilayotgan ishlanmalar Quyi Chirchiq tumanidagi xo‘jaliklarda joriy qilib borilmoqda.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri