Institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda
Bugundan boshlab Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2026-2027 o‘quv yili uchun qabul jarayonida bakalavriatning alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof o‘tishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlardan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.

Abituriyentlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, shuningdek, boshqa tashkilotlardan mutaxassislar biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi xolisona baholanib, to‘plagan ballari darhol ma’lum qilinmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda Nukus davlat pedagogika institutida bakalavriatning jismoniy tarbiya, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 500 dan ortiq abituriyent kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishi kutilmoqda.
Institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 8-iyul kuniga qadar davom etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri