Insonparvarlik siyosatining amaldagi ifodasi
Ramazon hayiti arafasida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, yo‘ldan adashgan 14 nafar buxoroliklarga ham yana bir imkoniyat taqdim qilindi.
Buxoro shahrida yashovchi Doniyor ham bundan bir yil muqaddam o‘g‘rilik jinoyatini sodir qilib, 5 yil umrini panjara ortiga o‘tkazishga mahkum qilingandi. Ammo u muddatidan 4 yil oldin o‘z oilasi bag‘riga qaytdi.
– Qilmishimdan juda afsusdaman. Endi bunday nojo‘ya ishlar bilan shug‘ullanmayman. Prezidentimizning sharofati bilan bugun ozodlikka chiqyapman. Oila davrasida ozodlikni qadrlayman. Chunki ozodlikda yurish, nafas olish hech narsaga yetmas ekan, – deydi Doniyor Rahmatov.
Sharof Ochilov bu yil 65 yoshni qarshilaydi. Agarda u tayinlangan jazoni uzil-kechil o‘taganda 70 yoshida yaqinlari bag‘riga qaytgan bo‘lardi. Bag‘rikenglik, olijanoblik va insonparvarlik siyosatining amaldagi ifodasi sifatida uning qilmishlari kechirildi. O‘tgan bir yil u o‘zi aytganidek, katta maktab vazifasini o‘tadi.
Bugun Doniyor Rahmatov, Sharof Ochilov kabi afv etilgan buxoroliklar oilasida ham qo‘shaloq bayram. Kimningdir otasi, kimningdir akasi, kimningdir turmush o‘rtog‘i yana o‘z bag‘riga qaytdi. Ular yurtimizdagi inson qadri uchun amalga oshirilayotgan ushbu kunlarga shukrona aytib, yurt ravnaqi uchun munosib ulush qo‘shishni o‘zlarining asosiy maqsadlari deb bilishmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.