Insoniylikdan so‘zlovchi film
“Renessans” kino uyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan suratga olingan “Inson” hujjatli filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotga turli vazirlik va idoralar, tashkilotlar, jamoat tuzilmalarining vakillari, ommaviy axborot vositalarining xodimlari taklif etildi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Shuhrat Rizayev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2024-yil dekabr oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini takomillashtirish, uni yanada yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratganini e’tirof etdi.
– Yangi O‘zbekistonda inson manfaatlarini oliy qadriyat bilish masalasiga asosiy g‘oya sifatida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Kinematografiya agentligi bosh direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev. – Aslida ijtimoiy himoya masalasi har bir tuzilma, vazirlik va idoralarga taalluqli. Negaki, uning zamirida inson va uning manfaatlari mujassamdir. Bu yo‘nalishda agentlik bilan hamkorlikda “Toyloq tajribasi”, “Mahorat” nomli filmlar yaratildi. Odamlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yana ko‘plab ibratli hayotiy voqeliklarga asoslangan filmlarni suratga olish rejalashtirilgan.
[gallery-28132]
– “Inson” hujjatli filmi real odamlarning hayotidan hikoya qilish orqali yaratilgan, – dedi ushbu film prodyuseri, jurnalist Dilarfro‘zbegim Ro‘zmetova. – Bu film qahramonlarning hayoti, boshidan o‘tkazgan voqeliklar asosida ishlangani sababli film ta’sirchan chiqqan. Ularning kechinmalari, og‘riqlari, qalb iztiroblarini boshqa birovlar boricha aytib bera olmaydi. Film inson har qanday vaziyatda ham qiyinchiliklardan qo‘rqmay, chekinmay, faqat olg‘a intilishi, o‘z insoniyligini saqlab qolishi haqida hikoya qiladi. Zero, ijtimoiy himoya odamlarni eshitish, ularning dardini, qiyinchiliklarini anglay olish orqaligina hayotini yaxshilashni ko‘zlaydi.
– Filmdan olamshumul kadrlar, “action” lavhalar kutish kerak emas, – dedi kartina rejissyori Anvarbek Suvonqulov. – Hujjatli film real odamlar hayoti haqida hikoya qiladi. Shu film orqali men 20 yoshlik paytimni esladim. Ota-ona bag‘rida katta bo‘lganman. Lekin bu film qahramonlari men 20 yoshimda oila, ota-ona bag‘rida katta bo‘lish bilan bog‘liq beg‘ubor tuyg‘ularni 5 yoshida ham his etmagani qayg‘ulidir.
Darhaqiqat, “Inson” filmi diydasi qattiq tomoshabinni ham chuqur hayajonga solishi tabiiy. Unda ota-onasi ajrashgan yoki daromad topish ilinjida o‘zga yurtlarga ketib qolgan tirik yetim bolalarning ayanchli kechmishlariga guvoh bo‘lasiz. Ayni paytda mamlakatimizda og‘ir vaziyatda qolgan, turmushning mushtlaridan, zarbalaridan qalbi kemtik bo‘lib qolgan bolalarga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan mehr va e’tiborga guvoh bo‘lish mumkin.
Prezidentimiz, davlat va jamiyat e’tibori tufayli endilikda og‘ir hayotiy vaziyatda qolgan bolalar turar–joy bilan ta’minlandi. Ularning oliy o‘quv yurtlarga kirishi, hayotda o‘z yo‘lini topishiga ko‘mak ko‘rsatildi. Ayni damda bu yoshlarning o‘zidagi intilish, qat’iyat, shukronalik, murakkab vaziyatlarda o‘zlarini yo‘qotmasdan maqsad sari dadil intilishi ibratga arziydi. Ana shunday e’tibor sababli bu yoshlarning biri huquqshunos, boshqalari musiqachi, sozanda, tadbirkor bo‘lib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shmoqda.
Premera davomida filmda suratga tushgan Abdulaziz Yerimbetov, Berdaq Uzaqbergenov, Murod Urazbayev, Farhod Matchonov kabi yoshlarning hikoyalari tinglandi. Ularga Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Inson” hujjatli filmi taqdimot ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA muxbirlari