Insoniyatni ogohlikka chorlagan adib
Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalari o‘rtasida diplomatik aloqalari o‘rnatilganligining 30 yilliga hamda buyuk yozuvchi, davlat va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizdagi vazirlik va idoralar xodimlari, diplomatik korpus vakillari, qirg‘izistonlik mehmonlar, turli milliy madaniy markazlar faollari va OAV ishtirok etdi.

Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot,sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksudov va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Avazxon Tadjixanovlar o‘tgan yilar mobaynida ikki davlat munosabatlari turli yo‘nalish bosqichlarida sayqallanib, sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarilganini ta’kidlashdi.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida munosabatlarni mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha tarixiy qadamlar bosib o‘tilgani va o‘zbek-qirg‘iz xalqlarining urf-odatlari, madaniyati va qadriyatlari yaqinligi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjixatlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.

Do‘stlik aloqalarini yanada bardavom bo‘lishida adabiy hamkorlik muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi asosida mamlakatimizda atoqli adib Chingiz Aytmatovning asarlarini o‘rganish, ijodini targ‘ib etish, kitoblarini nashr qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Negaki, Chingiz Aytmatov O‘zbekiston xalqining do‘sti, eng xayrixoh, g‘amxo‘r qadrdoni edi.

Kechada Chingiz Aytmatov o‘z asarlari, ezgu ishlari bilan insoniyatni mudom ogohlikka da’vat etgani, sayyoramiz taqdiridagi halokatli tahdidlar haqida bong urgani, uni jahon miqyosida suyukli yozuvchiga aylantirdi.
Tadbirda Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan san’at namoyandalari ijrosidagi katta konsert yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
N.Usmonova, O‘zA