Insondan faqatgina yaxshilik qoladi
Xorazmlik Sarvar Polvonovni “Ikki tomonlama idiopatik koksartozi-II-III darajasi” kasalligi bezovta qiladi. U bu xastalik bilan uzoq vaqtdan beri kurashadi. Davolanmasa, bu xastalik muqarrar harakatsizlik va nogironlikka sabab bo‘ladi. Shu bois bemor o‘z vaqtida davolanib turishi kerak. Ammo iqtisodiy muammolar muntazam davolanishga imkon bermayotgan edi. “Temir daftar”ga kiritilgan bu oila davlat e’tibori va qo‘llab-quvvatlovi bilan doimiy davolanib keladi. U endi Xorazm viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida salomatligini tiklashi mumkin.
Xorazm viloyatida "Mahalla" xayriya jamoat fondi huzurida tashkil etilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida nogironligi va surunkali kasalliklari bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 8 ming 538 nafar aholi vakillarini sog‘ligini tiklash, sog‘lom hayot davomiyligini uzaytirish maqsadida 3 milliard 383 million so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlash borasida 6249 oilaga kundalik iste’mol tovarlari, ya’ni oziq-ovqat mahsulotlari uchun 583 million 100 ming so‘m, shuningdek, 256 oilaga bayramlarda 424 million 800 ming so‘m mablag‘ naqd pul shaklida va plastik kartalariga o‘tkazib berilgan.
“Temir daftar”ga kiritilgan 60 ta oilani elektr energiya va tabiiy gazdan bo‘lgan 2 million 800 ming so‘m qarzlari to‘landi va 92 oilaga dori-darmon yetkazib berish uchun 195 million 600 ming so‘m, 42 oilaga sog‘ligini tiklashi uchun 328 million 900 ming so‘m, 1836 oilaga turmushda foydalaniladigan zaruriy mahsulotlar uchun 1 milliard 848 million 263 ming so‘m yordam mablag‘lari yo‘naltirildi.
Ajratilgan va yo‘naltirilgan ana shu pul mablag‘i hisobiga bemorlar kasalliklaridan forig‘ bo‘lib, o‘z oilasi bag‘riga qaytdi.
Shovot tumanining "Yangi-burloq" mahallasida istiqomat qilayotgan Hasan Otajonov ham bu imkoniyatdan unumli foydalandi. Uni yetarli mablag‘i bo‘lmaganligi sababli jigar tizimidagi muammo ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan edi. "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasidan yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti uchun ajratilgan 50 million so‘m pul mablag‘i bu muammoning oqilona yechimi bo‘ldi. Ushbu amaliyotni xorazmlik tibbiyot xodimlari, o‘z kasbining mohir ustalari muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
– Surunkali jigar kasalligidan qutulib, oilam bag‘riga qaytdim, — deydi Hasan Otajonov. – Bu qayta tug‘ilish bo‘ldi. Salomatligi yo‘q kishiga quvonchli kunlar ham tatimaydi. Endi sog‘lomman, shukrona keltiraman.
Xorazmlik Hasan Otajonov singari, xastaligi va nogironligi sabab uyda yotib qolgan bemorlarga "Saxovat va ko‘mak"dan yordam ko‘rsatilibgina qolmay, ular holidan xabar olinib, fond hisobidan qo‘shimcha yordam ham ko‘rsatilyapti.
Urganch shaharidagi “Gulzor” MFYda yashovchi, “Temir daftar”ga kiritilgan Odilbek Aminov OKX. O‘ng chanoq son bo‘g‘imini total endoprotezlashdan keyingi holati, og‘riq sindromi kasalligi bilan og‘rigan. Uning davolanishi uchun 35 000 000 (o‘ttiz besh million) so‘m pul ajratilgan.
– O‘g‘lim 24 yoshda, uni OU Miopiya baland darajasi. Miopik xorioretinal distrofiya kasalligi bezovta qiladi, – deydi “Saxovat” MFYda yashovchi Muhayyo Alimova. – “Temir daftar” ro‘yxatida turamiz. O‘g‘limni davolatishga imkoniyatimiz yetmaydi. Bu to‘xtovsiz avj olib boradigan miopiya xavfli kasallik bo‘lib, u ko‘zni nogiron qilishi mumkin, deyishganda ko‘zimga dunyo tor ko‘rindi. Hech kimning joni og‘rimasin ekan. “LAZER SHIFO KO‘Z NURI” MCHJ bilan shartnoma tuzilgan. Shunga asosan 32 000 000 (o‘ttiz ikki million) so‘m o‘tkazib berilgan. O‘g‘lim endi shifo topadi, deb umid qilaman.
Shuningdek, “Jingavuz” mahallasida yashovchi “Temir daftar”ga kiritilgan fuqaro Salomat Sobirovaga saraton kasalligidan davolanishi uchun dori-darmon, Umida Otajonovaga 2016 yilda tug‘ilgan farzandi Humoyun Mirzoni bolalar serebral falaji kasalligidan davolashi uchun yetarli mablag‘ ajratildi.
– “Temir daftar”ga kiritilganmiz, iqtisodiy ahvolimiz haminqadar, – deydi O‘g‘iljon Rahimova. – 14 yoshli qizim Shodiya o‘tkazilgan meningoensefalit asorati bilan og‘rigan. Uning davolanishi uchun mablag‘imiz yo‘q edi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan “Sog‘lom turmush” MCHJga 11 million so‘mdan ziyod pul o‘tkazib berildi.
“Men bu xastalikdan shifo topamanmi?...” deb ko‘zlarimizga termiladigan qizim endi o‘ksinmaydi.
"Insondan faqatgina yaxshilik qoladi" — bu ezgu ibora xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Imkoniyati cheklanganlarga yaxshilik qilib, yordam ko‘rsatish “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining ham asosiy maqsadidir.
Barno Meliqulova, O‘zA